13-yanvar kuni Markaziy ko‘rgazmalar zalida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Milliy armiya — ona yurt qalqoni, tinchligimiz va osoyishtaligimiz posboni” nomli badiiy ko‘rgazma ochildi.
✅ Ma’lumki, 1993-yil 29-dekabrda Respublika Oliy Kengashi qaroriga muvofiq 14-yanvar sanasi Vatan himoyachilari kuni sifatida belgilangan. Ushbu sana munosabati bilan O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligiga bag‘ishlangan mazkur badiiy ko‘rgazma tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi.
🖼 Ko‘rgazmada O‘zbekiston rassomlarining rangtasvir va grafika yo‘nalishidagi asarlari namoyish etilib, ularda xalqimiz tarixida munosib o‘rin egallagan buyuk sarkardalar — Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, Jaloliddin Manguberdi, Spitamen, shuningdek jadidlar harakati namoyandalari — Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Qodiriy, Usmon Nosirlarning jasorat, fidoyilik va yuksak vatanparvarlik ruhi badiiy talqin etilgan.
📝 Mazkur asarlar orqali tomoshabinlar O‘zbekiston hamda Markaziy Osiyo tarixining muhim sahifalariga nazar tashlab, Vatan ozodligi va tinchligi yo‘lida xizmat qilish sharafli burch ekanini yana bir bor anglaydilar. Zero, jamiyatning har bir a’zosi — oddiy askardan tortib generalgacha, ustozdan tortib ziyoligacha — Vatan himoyasi va ravnaqi yo‘lida mas’uldir.
🎨 Shuningdek, ko‘rgazma ekspozitsiyasida Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi hamda Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyi fondlaridan olingan nodir asarlar ham o‘rin olgan.
❗️Mazkur badiiy ko‘rgazma joriy yilning 30-yanvar kunigacha davom etadi.