Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
close-icon

Dushanba – Juma, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

Bugun, 4-dekabr kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Anjumanlar zalida o‘zbek amaliy san’atining yirik namoyondalaridan biri — usta kulol, olim, pedagog, jamoat arbobi, O‘zbekiston xalq rassomi, Hamza nomidagi Davlat mukofoti sohibi Muxitdin Karimovich Rahimov tavalludining 120 yilligi munosabati bilan tayyorlangan “Muxitdin Rahimov: usto, olim, ustoz” nomli kitob-albomning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Toshkentlik kulollar — Rahimovlar sulolasi O‘zbekistondagi eng mashhur hunarmand oilalardan biri bo‘lib, ikki yuz yildan ortiq vaqt mobaynida xalq amaliy san’ati an’analarini saqlab kelmoqda. Muxitdin Karimovich esa shu sulolaning ardoqli vakili sifatida milliy kulolchilik maktabining shakllanishiga katta hissa qo‘shgan.

XX asr san’atiga faoliyatini bag‘ishlagan M. Rahimov an’anaviy uslublarni ilmiy va ijodiy yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirgan holda o‘ziga xos badiiy maktab yaratgan. Uning serqirra ijodi, ilmiy izlanishlari va pedagogik faoliyati taqdim etilayotgan ushbu kitob-albomda keng yoritilgan.

“Muxitdin Rahimov: usto, olim, ustoz” nomli kitob-albomda maestroga tegishli muzey, shaxsiy va oilaviy to‘plamlarda saqlanayotgan nodir keramika namunalari, arxiv hujjatlari va tarixiy fotosuratlar jamlangan. Nashr usta kulolning keng ko‘lamli merosi va milliy madaniyat rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini o‘quvchiga ochib beradi.

Ushbu nashr O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 18-apreldagi 204-sonli qarori asosida “SAN'AT” jurnali tahririyati tomonidan tayyorlanib, o‘zbek va rus tillarida chop etilgan.

Kitob muallifi — san’atshunos, falsafa fanlari nomzodi Elmira Ahmedova.