close-icon

Dushanba – Juma, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

Bugun, 10-dekabr kuni Markaziy ko‘rgazmalar zalida “Navqiron O‘zbekiston – 2025” Respublika yoshlar ko‘rgazma–tanlovining yopilishi hamda g‘oliblarni tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur ko‘rgazma–tanlov nafaqat yosh ijodkorlarning yillik mehnatini namoyon etuvchi maydon, balki ularning badiiy tafakkuri, ruhiy izlanishlari va san’atga bo‘lgan daxldorlik hissi bir sahnada mujassam bo‘lgan yorqin ko‘rinishidir. Joriy yilda 68 nafar yosh ijodkor ishtirok etib, mamlakatimizning turli hududlaridan yuborilgan 150 ga yaqin rangtasvir, grafika, installyatsiya va video-art yo‘nalishidagi asarlar san’at ixlosmandlari nigohiga havola etildi.

Albatta, ko‘rgazmaga taqdim etilgan barcha ishlar san’atshunoslik mezonlariga ko‘ra o‘ziga xos va diqqatga sazovor. Biroq tanlovning asl maqsadi — badiiy fikrning eng teran, vizual tilning eng o‘tkir, kompozitsion yechimning eng bardavom namunalarini aniqlashdir. Har bir asar san’atning turli qatlamlariga tegishli bo‘lsa-da, ularning umumiy ohangi — izlanish, shakl va ma’noni uyg‘un izhor etish, yangi badiiy fazoni kashf etishdir.

Baholash jarayoni ham san’at tajribasining muhim bir bo‘lagiga aylandi. Hay’at a’zolari yoshlar asarlarida namoyon bo‘lgan badiiy tafakkurning keng ko‘lami, ijodiy yechimlarning pishiq uyg‘unligi hamda mavzularning boy va serqirra talqinlarini e’tirof etib, mukofotlar sonini oshirish va nominatsiyalarni kengaytirish zarurligini ta’kidladilar. Bu qaror — san’at maydonidagi har bir izlanishni qadrlash, ijodkorni rag‘batlantirish va undagi salohiyatni yanada kuchaytirishga qaratilgan e’tirof sifatida namoyon bo‘ldi. Aynan shu maqsadda «Faol ijodiy izlanishlar va o‘ziga xos yechim» nominatsiyasi ta’sis etilib, unda bir guruh iste’dodli yoshlar hay’at a’zolari tomonidan munosib ko‘rilib, taqdirlandi.

“Navqiron O‘zbekiston – 2025” Respublika yoshlar ko‘rgazma–tanlovining sovrindorlari:

Bronza medali:
Guljaxon Muhammadjonova

Kumush medallar:
Bobur Vohobjanov
Kseniya Nebogina

Oltin medal:
Qiyomov Zuhriddin

“Navqiron O‘zbekiston – 2025” Respublika yoshlar ko‘rgazma–tanlovi o‘z yakuniga yetar ekan, yana bir bor ishonch hosil qilindiki, bugungi avlod san’atni faqat ifodaning bir shakli emas, balki teran fikr, zamonaviy qarash va intellektual izlanishlar maydoni sifatida ko‘radi. Ushbu loyiha — nafaqat ijodiy jarayonning bir lavhasi, balki kelajakda o‘zbek san’atining yangi sahifalarini yaratadigan yosh qalamlarga ochilgan eshikdir.