2 fevral kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasida Akademiya huzuridagi Rassomlik mahorat ustaxonasi (Oliy rassomlik kursi) bitiruvchilariga sertifikatlarni tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ustozlar, bitiruvchilar hamda yangi qabul qilingan stajor-tadqiqotchilar ishtirok etdi.
✨ Ikki yillik ijodiy faoliyat davomida Oliy rassomlik kursi bitiruvchilari rangtasvir va miniatyura yo‘nalishlarida 300 dan ortiq badiiy asarlar yaratdilar. Ushbu asarlar respublika va xalqaro ko‘rgazmalar, biyennalelar hamda san’at maydonlarida namoyish etilib, yosh ijodkorlarning mustaqil badiiy tafakkuri va uslubiy izlanishlari shakllanganini yaqqol ko‘rsatdi. Shuningdek, bitiruvchilarning shaxsiy ko‘rgazmalari ularning san’atga bo‘lgan munosabati allaqachon individual ijodiy yo‘lga kirganidan dalolat berdi.
✨ Ijodiy jarayon faqat ustaxona devorlari bilan chegaralanmadi. Bitiruvchilar xorijiy ijodiy safarlar orqali jahon san’ati tajribasi bilan bevosita tanishib, milliy tasviriy tafakkurni yanada kengroq badiiy makonda anglash imkoniga ega bo‘ldilar. Ularning bir qator asarlarining davlat fondlari va muzeylar jamg‘armalariga qabul qilinishi ushbu faoliyatning amaliy va samarali natijaga aylanganini ko‘rsatdi.
📝 Marosim davomida sertifikatlar O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, O‘zbekiston xalq rassomi, akademik Akmal Nur tomonidan tantanali ravishda topshirildi. Ustozlar — taniqli rassom va akademiklarning bitiruvchilar shakllanishidagi ilmiy va badiiy rahnamoligi, ularning mustaqil fikrlashini qo‘llab-quvvatlagani alohida e’tirof etildi.
⚡️ Tadbirning muhim qismi sifatida 2026–2027 o‘quv yili uchun Oliy rassomlik kursiga qabul qilingan yangi stajor-tadqiqotchilar hamda ularning ilmiy-ijodiy rahbarlari tanishtirildi. Yangi ijodkorlar Akademiya an’analarini davom ettirgan holda, zamonaviy badiiy tafakkur va individual izlanishlar asosida faoliyat boshlashlari ta’kidlandi. Bu jarayon Oliy rassomlik kursining uzluksiz ijodiy makon sifatida yashab kelayotganini yana bir bor namoyon etdi.
🥇 Mazkur marosim bitiruvchilar uchun yakuniy bosqich bo‘lsa, yangi tadqiqotchilar uchun mas’uliyatli va izlanishga boy ijodiy yo‘lning boshlanishiga aylandi. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi esa bu jarayonda shunchaki ta’lim beruvchi muassasa emas, balki san’at tafakkuri uzluksiz shakllanadigan va avloddan avlodga o‘tadigan ijodiy makon ekanini amalda namoyon etdi.