Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
2025-yil 23-iyundan boshlab Xitoyning Xanjoy shahrida mashhur Sihu ko‘li bo‘ylarida butun dunyo rassomlarini birlashtirgan “Sihu ko‘lini chizamiz” xalqaro rassomchilik biennalesi boshlanadi.
Bu yil ishtirokchilar safida O‘zbekiston vakillari – Bobur Vahobjonov va Zuxriddin Qiyomov ham bor. Ularning ijodi Markaziy Osiyoning boy madaniyati va tasviriy san’at an’analarini yorqin aks ettiradi. Ular O‘zbekiston Badiiy akademiyasi ustaxonasining tadqiqotchi-stajyorlaridir.
O‘zbek rassomlarining taklif etilishi Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy almashinuv dasturining bir qismi bo‘lib, xalqaro ijodiy muloqotni kengaytirishga xizmat qiluvchi muhim qadamdir.
Bir necha kun davomida rassomlar ochiq osmon ostidagi ustaxonalar – plenyerlarda ishlaydi, Sihu ko‘lining manzaralarini tasvirlaydi. Bu ko‘l Xitoy poetikasi va tabiat bilan uyg‘unlik falsafasining ramzi hisoblanadi.
Vahobjonov va Qiyomovning asarlari zamonaviy san’at uslublari bilan an’anaviy sharqiy san’at motivlarini uyg‘unlashtirgan original uslubi bilan ajralib turadi.
Ularning asarlarida tomoshabinlar va san’atshunoslarning alohida e’tiborini ranglar chuqurligi, fazoni nozik his etish va muhitni milliy qarashlar prizmasi orqali yetkazish qobiliyati tortadi.
Biennale faqatgina plenyer ishlarini emas, balki yaratilgan asarlar ko‘rgazmasini, madaniy ma’ruzalarni, ijodiy uchrashuvlar va turli davlatlar rassomlari o‘rtasidagi muloqotlarni ham o‘z ichiga oladi.
Vahobjonov va Qiyomovning ishtiroki xalqlar o‘rtasidagi ijodiy hamkorlikning yorqin namunasi bo‘lib, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi madaniy aloqalarning rivojlanishiga hissa qo‘shadi.
Biennale yakunida eng yaxshi asarlar Xitoyning boshqa shaharlariga sayohat qiladigan yakuniy ko‘rgazmada namoyish etiladi.
O‘zbek rassomlarining kartinalari ham tadbirning rasmiy katalogiga kiritiladi, bu esa ularning san’at mahorati xalqaro darajada e’tirof etilganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Asya Tuychiyeva,
Xalqaro aloqalarni rivojlantirish bо‘limi boshlig‘i