O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzuridagi Rassomlik mahorat ustaxonasi stajyor-tadqiqotchilari — Umidjon Alimov, Mirvohid Mirsaidov, Timur Lashenov, Zuhriddin Qiyomov va Bobur Vahobjanov shu kunlarda Ozarbayjonda ijodiy safarda bo‘lib, Qorabog‘da plenerda ishtirok etmoqda.
Ikki qardosh davlat musavvirlari o‘rtasida ijodiy aloqalarni kuchaytirishga xizmat qiladigan mazkur xalqaro plener doirasida rassomlarimiz Qorabog‘ning fusunkor tabiatini matoda tasvirlashmoqda.
Plener davomida o‘zbek rassomlari Qorabog‘ning diqqatga sazovor joylari, tarixiy yodgorliklari, madaniyat va maʼrifat, sanʼat maskanlari bilan tanishmoqda.
Jumladan, Shusha shahri tasviriy sanʼat galereyasida bo‘lib, Ozarbayjon mo‘yqalam ustalari va sanʼat namoyandalari ishlarini borib ko‘rishdi. Shu bilan birga Qorabog‘ rassomlar uyushmasi vakillari bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Plener chog‘ida yakka hamda jamoaviy tartibda mashg‘ulotlar ham uyushtirilmoqdaki, bu o‘zaro tajriba almashishda qo‘l kelmoqda.
Plenerda Qorabog‘ madaniy merosi va tabiatidan ilhomlanib yaratilgan sara rangtasvir va grafika asarlaridan yakuniy ko‘rgazma tashkil qilish ko‘zda tutilgan.