Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
close-icon

Dushanba – Juma, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

 Bugun, 25-avgust kuni Toshkent fotosuratlar uyida xalqaro madaniy aloqalarning yuksak namunasi bo‘lmish “Ajoyib Xitoy, go‘zal Shinjon” tasviriy san’at va foto ko‘rgazmasi ochildi.

Mazkur ko‘rgazma Shinjon–Uyg‘ur avtonom rayoni tashkil etilganining 70 yilligi munosabati bilan tashkil etildi. Unda Shinjon ijodkorlari yaratgan klassik va zamonaviy tasviriy san’at asarlari, badiiy suratlar, milliy urf-odatlar, tarixiy xotira va zamonaviy taraqqiyotni aks ettiruvchi badiiy obrazlar, betakror tabiiy manzaralarni tasvirlovchi ijodiy durdonalar namoyish etildi.

Ko‘rgazmaning asosiy maqsadi — san’at orqali xalqlar o‘rtasidagi yaqinlikni yanada mustahkamlash, madaniyatlararo muloqotni kengaytirish va o‘zaro ijodiy almashinuvni yangi bosqichga olib chiqishdir.

Tantanali ochilish marosimida Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yu Jun so‘zga chiqib, ikki xalq do‘stligining tarixiy ildizlariga e’tibor qaratdi:
“O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari Buyuk Ipak yo‘li davridan boshlab bugungi kungacha davom etib kelmoqda. Asrlar osha shakllangan bu yaqinlik bugun yangi mazmun kasb etmoqda. Yurtboshlarimizni olib borayotgan oqilona siyosati tufayli ikki mamlakat aloqalari har qachongidan ham keng ko‘lamli hamkorlik bosqichiga chiqdi. ‘Bir makon – bir yo‘l’ tashabbusi doirasida xalqlarimiz madaniy jihatdan ham tobora yaqinlashib, san’at orqali do‘stlik va o‘zaro tushunishni yanada mustahkamlamoqda.” 

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur ko‘rgazmaning badiiy va madaniy ahamiyatini yuksak baholadi:
 “San’at — bu qalblar tili, u millat va makon chegaralarini yengib o‘tadi. Bugun biz Shinjonning rang-barang badiiy manzaralarini Toshkentda tomosha qilar ekanmiz, bu nafaqat san’at namoyishi, balki ikki xalq do‘stligining yangi ifodasidir. Ushbu ko‘rgazma O‘zbekiston Badiiy akademiyasining xalqaro madaniy hamkorlik maydonida tutgan o‘rnini yanada mustahkamlab, badiiy tafakkur orqali xalqlarimizni yaqinlashtirayotganini ko‘rsatadi.”

“Ajoyib Xitoy, go‘zal Shinjon” ko‘rgazmasi ikki xalqning mushtarak qadriyatlari, do‘stona rishtalari va kelajakdagi hamkorlik istiqbollarini yorqin ifoda etib, O‘zbekiston–Xitoy madaniy aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ko‘rgazma, 30-avgustgacha davom etadi!