close-icon

Dushanba – Juma, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan 14-yanvar kuni Toshkent fotosuratlar uyida “O‘zbekiston armiyasi: kecha va bugun” mavzusidagi fotoko‘rgazmaning ochilish marosimi o‘tkazildi.

Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 1-dekabrdagi *“O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida”*gi F-70-son Farmoyishi ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi. Ushbu “O‘zbekiston armiyasi: kecha va bugun” mavzusidagi fotoko‘rgazmaga fotosuratlar ko‘rik-tanlovi g‘oliblarining asarlari qo‘yildi.

Tanlovga 30 ga yaqin professional va havaskor fotograflar, ommaviy axborot vositalari xodimlari, ijtimoiy tarmoq faollari hamda harbiy xizmatchilar tomonidan milliy armiyamiz faoliyatiga oid 500 dan ortiq fotosuratlar taqdim etildi.

Qurolli Kuchlarda amalga oshirilgan islohotlar, Vatan himoyachilarining sharafli va mas’uliyatli xizmat faoliyati, ularning oilaviy hayoti va yashash tarzi, shuningdek milliy armiyamizning kechagi va bugungi qiyofasini aks ettiruvchi fotoasarlar professional fotojurnalistlar va sohaning malakali mutaxassislaridan iborat nufuzli Hakamlar hay’ati tomonidan saralandi. Natijada 1-, 2-, 3-o‘rinlar hamda “Harbiy xizmatchining oilasi”, “Harbiy xizmatchining shijoati”, “Eng yosh ishtirokchi” kabi rag‘batlantiruvchi nominatsiyalar g‘oliblari aniqlandi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bosh tashkilotchiligida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi hamda Toshkent fotosuratlar uyi hamkorligida tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadiharbiy xizmatchilarning jasorati, matonati, vatanparvarlik ruhi va yurtimizga bo‘lgan beqiyos sadoqatini aks ettiruvchi fotosuratlarni keng jamoatchilikka taqdim etish, yosh avlod ongida armiyaga nisbatan faxr, ishonch va hurmat tuyg‘ularini mustahkamlash, ularni harbiy kasbga qiziqtirishdan iborat bo‘ldi.

Namoyishga qo‘yilgan fotosuratlar nafaqat hujjatli ahamiyatga, balki milliy xotira, tarixiy davomiylik va milliy armiyaning bugungi qiyofasini o‘zida mujassam etgan badiiy manba sifatida ham yuksak qadrlanadi.