Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
Bag‘rikenglik — bu xalqimizga xos azaliy fazilat. U boshqa millat va din vakillariga nisbatan hurmat, xayrixohlik va muruvvat bilan munosabatda bo‘lish, insonni e’tiqodi, tili yoki irqiga qaramasdan, eng avvalo insoniy qadr-qimmat bilan e’zozlash madaniyatini ifodalaydi.
📚 BMT Bosh Assambleyasining qaroriga muvofiq, 1997-yildan buyon 16-noyabr har yili butun dunyoda “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” sifatida nishonlanadi. Mazkur sana O‘zbekistonda ham ezgu an’anaga aylangan. Chunki Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan yurtimiz qadimdan turli millat, elat va din vakillarining tinch-totuv, o‘zaro hurmat va hamjihatlikda yashab kelayotgan maskani sifatida e’tirof etiladi.
📆 Joriy yilning 10–15-noyabr kunlari mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Bag‘rikenglik haftaligi” doirasida bugun Toshkent fotosuratlar uyida “O‘zbekiston — bag‘rikeng diyor” nomli fotoko‘rgazma ochildi.
✔️Tadbirda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rahbariyati va xodimlari, milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari faollari, diniy konfessiyalar vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
🖼 Ko‘rgazmada yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat va din vakillarining turmush tarzi, madaniyati, urf-odatlari aks etgan 100 dan ortiq suratlar namoyish etildi.
🎗Shuningdek, ta’kidlash joizki, bugungi kunda O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari o‘zaro hurmat va hamjihatlik ruhida, yagona Vatanimiz farovonligi yo‘lida bahamjihat yashab kelmoqda. Ko'rgazmaga qo'yilgan fotolarda yurtimizdagi mana shunday hamjihatlik ruhi namoyon bo'lgan.