Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
Joriy yilning 28-oktabr Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida O‘zbekiston Xalq yozuvchisi, kinodramaturg, jamoat arbobi Rahmat Fayziyning hayoti va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan “Hazrati Inson” nomli noyob ko‘rgazma ochildi. Ekspozitsiyadan adib hayotining asosiy bosqichlari, erishgan yutuqlari, O‘zbekiston adabiyoti va madaniyatiga qo‘shgan hissasini aks ettiruvchi nodir fotosuratlar, arxiv hujjatlari, orden va mukofotlar o‘rin olgan.
Ko‘rgazma bir qancha mavzuli bloklardan iborat: 1-yozuvchining tarjimai holi, 2-oila, 3-ijodiy faoliyati, 4-“Hazrati Inson”, 5-“Kishilarimiz qissasi” to‘plami, 6-maktub va sharhlar, 7-Rostonbuvi hikoyalari, 8-Rahmat Fayziy adabiy merosi.
“Tarjimai hol” blokida Rahmat Fayziy hayoti va ijodiy yo‘lining asosiy bosqichlari – uning ilk yillaridan to adabiy faoliyatining yetuk davrigacha bo‘lgan davrlar o‘rin olgan.
“Oila” blokida Rahmat Fayziyning shaxsiy arxividan olingan oilaviy suratlar (ayoli, farzandlari va nabiralari bilan), shuningdek, yozuvchi hayotining turli davrlaridagi individual portretlari to‘plangan.
“Ijodiy faoliyat” blokida yozuvchining adabiyot va kino olamining mashhur namoyondalari (yozuvchilar, rejissorlar, aktyorlar, operatorlar) bilan uchrashuvlari, xizmat safarlari, mukofotlarga erishgani, Rahmat Fayziyning faol ijtimoiy faoliyati aks ettirilgan.
“Hazrati Inson” bloki yozuvchi hayotidagi yirik asar, o‘n bir yil davomida yaratilgan – “Hazrati Inson” romaniga bag‘ishlanadi. Bu yo‘lning boshi 1962-yilda rejissor Shuhrat Abbosov tomonidan suratga olingan “Sen yetim emassan” nomli kinoasar bilan boshlanib, keyinchalik uning kengaytirilgan varianti – “Hazrati Inson” romani yuzaga keldi. Asar qahramonlariga prototip bo‘lib, o‘ylab topilgan xayoliy obrazlar emas, balki real odamlar – turli millatlardan o‘n to‘rt farzandni o‘z bag‘riga olgan toshkentlik temirchi Shoahmad Shomahmudov va uning rafiqasi Bahri Akramova oilasi asos bo‘lgan. Bu kitob shunchaki tarjimai hol emas, balki Ikkinchi jahon urushi yillarida yetim qolgan bolalarni o‘z bag‘riga olgan oddiy o‘zbek xalqining chinakam mehr-muruvvati va insonparvarligi yilnomasidir. Rahmat Fayziy temirchi oilasi haqida bir qator maqolalar e’lon qilgan va Shomahmudovlar oilasining bir a’zosidek bo‘lib qolgan.
Blokda romandan parcha, Shomahmudovlar oilasining suratlari, jumladan, yozuvchining o‘z romani prototiplari orasida o‘tirgan surati, “Sen yetim emassan” filmidan lavhalar va uning afishasi joy olgan. Film ssenariysi 1963-yilda Frankfurt-Maynda ochilgan xalqaro kinofestivalda va 1964-yil Leningradda bo‘lib o‘tgan Butunittifoq kinofestivalida “Eng yaxshi kino ssenariy” nominatsiyasi bo‘yicha mukofotlarga sazovor bo‘lib, xalqaro miqyosda e’tirof etilgan.
“Kishilarimiz qissasi” blokida “Ona”, “Ni Xao”, “Cho‘ntak”, “Shohi darparda”, “Qaynona” hikoyalaridan parchalar namoyish etilgan. 1962-yil Rahmat Fayziyning turli janrdagi eng sara asarlari jamlangan “Kishilarimiz qissasi” to‘plami nashr etildi. Bu to‘plamdan Mirzacho‘lni o‘zlashtirish, taqir o‘lkani gullab-yashnagan hududga aylantirish yo‘lidagi oddiy xalqning mehnatini tarannum etuvchi “Cho‘lga bahor keldi” romani, hayotiy hikoyalar, bolalar uchun hamda hajviy hikoyalar o‘rin olgan.
O‘quvchilar qalbidan chuqur joy olgan “Hazrati Inson” romani chop etilgach, Rahmat Fayziyga Ittifoqning turli yerlaridan ko‘plab tashakkurnomalar kela boshladi. Bu – romanning jonli obrazlaridan ta’sirlangan o‘qituvchilar, talabalar va ishchilarning samimiy javoblari edi. Shu tariqa kitob keng jamoatchilik e’tiborini tortdi, uning qahramonlari kitobxonlar uchun namuna bo‘ldi, asar maktablarda, oliy o‘quv yurtlarida, adabiy to‘garaklarda muhokama qilindi.
“Maktublar va sharhlar” blokida oddiy kitobxonlarning “Hazrati Inson” asari borasidagi fikrlari, taniqli shaxslarning asar qahramonlarining yuksak insonparvarligi haqidagi fikr-mulohazalari o‘rin olgan.
1960-70-yillarda Rahmat Fayziy “O‘zbekiston xotin-qizlari” va “Saodat” nomli ayollar jurnallarida o‘zbek ayollari hayoti haqida bir qator maqolalar chop etdi. Ularda dono, kuzatuvchan keksa ayol Rostonbuvining adabiy obrazidan foydalanilgan. Prototipi Rahmat Fayziyning o‘z buvisi bo‘lgan Rostonbuvi obrazi orqali muallif muhim mavzularni ko‘tardi: ayollarning jamiyatdagi o‘rni, oilaviy qadriyatlar, mehnat va farzandlar tarbiyasi kabilar shular jumlasidandir. Rostonbuvi nafaqat ayollarning yutuqlarini maqtardi, balki muloyimlik, hazil bilan ularning zaif tomonlarini ko‘rsatib, jonli inson qiyofasini yarata olardi. “Rostonbuvi obrazi”ga bag‘ishlangan blokda uning ko‘ngilochar va ibratli hikoyalaridan parchalar mavjud.
“Rahmat Fayziyning adabiy merosi” bloki yozuvchi ijodiy hayotining turli davrlari – dastlabki hikoyalaridan tortib yetuk romanlarigacha yaratilgan asarlariga bag‘ishlangan. Taqdim etilgan asarlar orasida nemis, slovak, arab, vyetnam, qozoq tillariga tarjima qilingan “Hazrati Inson” romanining xorijiy nashrlari alohida e’tiborga loyiq.
Ko‘rgazmada Rahmat Fayziyning hayoti va ijodi haqida hikoya qiluvchi hujjatli film (ssenariy muallifi G‘ayrat Rahmatullayev) namoyish etiladi. Filmni tayyorlashda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy Kutubxonasi xodimlari faol ishtirok etdilar.
Ko‘rgazmadan, shuningdek, adibning davlatimiz tomonidan orden va mukofotlar, faxriy yorliqlar va diplomlar bilan taqdirlanish jarayonlari, qo‘lyozmalari, ularning mashinkada yozilgan nusxalari, asarlarning yaratish jarayoni aks etgan fotosuratlar o‘rin olgan. Rahmat Fayziyning hayoti va ijodi haqidagi gazeta hamda jurnallardagi nashrlar ham shular jumlasidan.
Ushbu ko‘rgazma o‘z ijodini ona xalqining mehr-muhabbati, fidokorona mehnati, bolalarga bo‘lgan g‘amxo‘rligini ulug‘lashga bag‘ishlagan Rahmat Fayziyning buyuk iste’dodiga ko‘rsatilgan hurmat va e’tibordir. Bu – yozuvchi – Hazrati Insonga hurmat belgisidir.
“Umrim temirchi-taqachilik bilan o‘tdi. Kasbimdan ikki dunyo roziman. Shu davrda necha ming taqa yasagan bo‘lsam, til yoziq, shuncha otni taqalagandirman. Illo taqalagan otlarimning birontasi qoqilib, yiqilganini eshitmadim. Qoqilgandiru, imonim komilki, yiqilmagan... Endilikda qurbim yetib, ana shu toychoqlarga o‘zim taqa bo‘la olsam, shular toymay, qoqilmay, yiqilmay yurib ketsa, gurs-gurs bosgan qadamlarining ovozi quloqlarimga kirib tursa, dunyodan bearmon o‘tardim. Niyatim shu! - temirchi Shoahmad Shomahmudovning aynan shu so‘zlari bilan “Hazrati Inson” romani yakunlanadi. Bu oddiy odamning so‘zlari, uning tub ma’nosiga chuqurroq nazar solsangiz, yetimlarning yarador qalblarini isitishga qodir bo‘lgan mehribon va sevuvchan qalb nidosi jaranglab turganini his etasiz!
G‘oya muallifi: Asalxon Raxmatullayeva
Ko‘rgazma kuratorlari: Asalxon Raxmatullayeva va Lola Isamuxamedova