2026-yil 21–28-iyul kunlari Ozarbayjon Respublikasining Boku shahrida Art-Fest-Asia xalqaro ijodiy tashkiloti tomonidan “Baku Art Fest” xalqaro ijodkorlar festivali va tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur festival dunyoning turli mamlakatlaridan iste’dodli bolalar va yosh ijodkorlarni bir maydonga jamlab, tasviriy va amaliy san’at, musiqa, raqs hamda boshqa ijodiy yo‘nalishlarda o‘z mahoratini namoyish etish, madaniy almashinuvni rivojlantirish va do‘stona aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Festival ishtirokchilarga xalqaro hakamlar hay’ati tomonidan baholanish, tajriba almashish hamda o‘z ijodini keng jamoatchilikka taqdim etish imkoniyatini yaratadi.
Mazkur nufuzli xalqaro tanlovda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tasarrufidagi Respublika ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati o‘quvchilari yurtimiz sharafini munosib himoya qilib, yuqori natijalarni qo‘lga kiritdilar.
Yosh ijodkorlarning mazkur yutug‘i ularning yuksak iste’dodi, tinimsiz mehnati hamda ustozlarining fidokorona sa’y-harakatlari samaridir.
Bu natija, shuningdek, O‘zbekiston tasviriy san’at maktabining xalqaro maydondagi nufuzi tobora yuksalib borayotganining yana bir yorqin ifodasidir.