Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
Maktabda murabbiylik faoliyati olib borayotgan ikki nafar grafik rassom — Odiljon Umrzoqov va Kamila Galitskayaning ijodiy ishlari namoyish etilayotgan yangi ko‘rgazma “Akvarelda ranglar jilosi” deb nomlandi.
Ushbu ko‘rgazma orqali rassomlar akvarelda ishlash mahoratini namoyish etishmoqda. Asarlar orasida manzaralar, portretlar va natyurmortlar alohida o‘rin egallagan. Bu ishlarda nafaqat ranglar uyg‘unligi, balki ruhiy holat va tabiat jilosi ham o‘z ifodasini topgan.
Xususan, peyzaj asarlarida tabiatning betakror go‘zalligi, inson va muhit uyg‘unligi yuqori mahorat bilan tasvirlangan. Ranglar, chiroq va soyalar o‘zaro uyg‘unlikda ishlangan bo‘lib, tomoshabinda estetik zavq uyg‘otadi.
Odiljon Umrzoqov, 2018-yildan buyon ushbu taʼlim muassasasida yosh rassomlarga saboq berib keladi. Shu bilan birga, u akvarel sanʼatida faol ijod qilmoqda.
Uning ijodida:
mahalla ko‘chalari,
qadimiy uylar,
tabiat manzaralari,
inson ruhiyati
aks etgan bo‘lib, bu obrazlar ranglar uyg‘unligi orqali jonlanadi.
Kamila Galitskaya, 2008-yildan boshlab Rassomlik ixtisoslashtirilgan respublika maktabida o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritmoqda. U:
Respublika ko‘rgazmalari ishtirokchisi,
2010-yilda Slovakiyaning Bratislava shahrida o‘tkazilgan xalqaro plakatlar tanlovining mutlaq g‘olibi bo‘lgan.
Uning akvarel ishlari yumshoqlik, obrazlar uyg‘unligi, xotirjamlik, inson ruhiy olami va hayot go‘zalligini mujassam etgan.
Ko‘rgazmaning tantanali ochilish marosimida:
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur,
ustoz-o‘qituvchilar,
akademik rassomlar,
yosh ijodkorlar
va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar ko‘rgazma mualliflarining ijodiy izlanishlarini yuksak baholab, bunday ko‘rgazmalar orqali ustoz-shogird an’anasi yanada boyishini, yangi ilhom va ijodiy ruhga turtki bo‘lishini ta’kidlab o‘tishdi.
📍 Ko‘rgazma faoliyatini davom ettirmoqda. Barchani ushbu noan’anaviy, betakror asarlardan bahramand bo‘lishga chorlaymiz.