Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
Joriy yilning 19-noyabr kuni Toshkent fotosuratlar uyida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, iste’dodli rassom Qo‘chqorboy Akbarovning “Tabiat va men” nomli shaxsiy ko‘rgazmasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazmada ijodkorning 100 dan ortiq rangtasvir va grafika asarlari namoyish etildi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi, Toshkent fotosuratlar uyi ko‘rgazmani tashkillashtirishda hamkorlik qilishdi.
Rassom ayni mavzuda avval ham shaxsiy ko‘rgazma tashkillashtirganligidan ma’lum bo‘ladiki, o‘zini tabiat bilan uzluksiz muloqotsiz tasavvur etolmaydi. Galdagi ko‘rgazma ekspozitsiyasidagi ishlarda ham ijodkorning tabiatni ich-ichidan his eta olishi, tabiatga, uning unsurlari va holatlariga hayajonli bir kayfiyatda yana va yana murojaat etishdan o‘zini cheklay olmasligi sezilib turadi. Aksariyat asarlarining kompozitsiyalari juda kichik bo‘lishiga qaramasdan, mavzu va syujet to‘laqonli talqin etilgan. Bu esa rassomning mahorati kuchli, ranglar munosabatini teran tushunishi va qo‘llay olishidan dalolatdir. Ijodkorning sevimli mashg‘ulotlaridan biri ov qilish, ov kengliklarini va o‘ljalarini ijodida muhrlashdir. Asarlari mavzusini tanlash, ularni talqin etishidan ko‘rinadiki, ov jarayoni uning ijodining o‘ziga xos qirralarini kashf etadi.
Q.Akbarovning akvarelda ishlagan kartinalari ham alohida e’tiborga molik. Ulardagi qog‘ozga sizib singib ketayotgan ranglarda ayni dam holati va kayfiyati o‘zining nafis ifodasini namoyon ыiladi. Kishida yengil va pokiza bir hisni, kayfiyatni uyg‘otadi. “Birinchi qor”, “Eski masjid ko‘chasi”, “Kuz manzarasi” “Ov kengliklari”, “Yomg‘irli kun”, “Botqoq qushlari”, “Botqoqlikda quyosh botishi”, “Ertalabki manzara”, “Ko‘l bo‘yida”.
Shuningdek rassom grafikada ham ajoyim kompozitsiyalar va etyudlar yaratgan. Ularda uning kasbiy tajribasi beqiyosligi, turli texnik vositalarni ustamonlik bilan qo‘llaybilishligi ko‘zga tashlanadi: “Daraxt”, “Ov qushlari”, “Natyurmort. Stol ustidagi idishlar”, “Qish manzarasi”.
Ijodkor haqida:
1950 y. – Toshkent viloyati, Yangiyo‘l tumanida tug‘ilgan.
1974 y. – P.Benkov nomidagi respublika rassomlik kollejini tugatgan.
1982 yildan – Respublika va halqaro ko‘rgazmalarda ishtirok eta boshlagan.
1984 y. – Toshkent Teatr va rassomlik institutini tugatgan.
1994 y. – O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi.
2023 y. – I.Xiroyama Xalqaro san’at karvonsaroyida “Tabiat va men” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tgan.
2025 y. – P.Benkov nomidagi Respublika rassomlik maktabida hamda Respublika dizayn maktabida “Shogirdlarga bag‘shida umr” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tgan.