7-aprel kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyida rassom Ildar Fatxulinning “Buloqsuv daraxtlari raqsi” nomli shaxsiy ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazmada musavvirning turli yillarda ishlagan 60 ga yaqin asarlari namoyish etildi.
Tashkilotchilar: O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyi.
Ildar Fatxulin — 1956 yil 26 iyunda Toshkent shahrida tug‘ilgan.
1975 yil — P. Benkov nomidagi Respublika rassomlik kollejini tamomlagan.
1980 yil — M. Ostrovskiy nomidagi Teatr va rassomlik institutining “Dastgohli rangtasvir” bo‘limini tugatgan.
Ustozlari — mashhur rassomlar: Ch. Axmarov, N. Shina, B. Babayev, Yu. Cherneshev, A. Li. Ulardan rassomlikning barcha sir-u sinoatlarini o‘rgangan.
Rassomning juda ko‘p ishlari respublikamiz muzey va galereyalarida, shuningdek, chet el shaxsiy kolleksiyalarida saqlanadi.
2000–2014-yillarda Chexiya Respublikasida yashagan rassom O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash, shuningdek, ikki xalq madaniyatini xalqaro miqyosda targ‘ib etish yo‘lida samarali faoliyat olib borgan.
Rassomning ijodi o‘ziga xos. U qalin o‘rmonlar va cheksiz daraxtlar olamiga murojaat qilib, ularni polotnolarga ko‘chiradi. Pablo Pikassoning quyidagi fikri bu yo‘nalishga hamohang:
“Hamma tushunishga yoki tasvirlashga harakat qiladi. Nima uchun? Mana daraxt o‘sib chiqyapti — nega hech kim uni tushunishga harakat qilmaydi?”
Rassom ushbu falsafiy qarashlarni chuqur anglash va uni insonlarga chiziqlar hamda bo‘yoqlar orqali yetkazishga intiladi. U asarlarida daraxtlarning tirikligini tasvirlaydi — go‘yo ular eshitadi, og‘rinadi va yig‘laydi.
Rus shoiri Nikolay Gumilyov ham bu falsafani davom ettirgan:
“Bilaman, mukammal hayotning buyukligi bizga emas, balki daraxtlarga berilgan.”
Ko‘rgazma joriy yilning 19-apreligacha davom etadi.