close-icon

Dushanba – Juma, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

2025-yil 25-dekabr kuni, Yangi yil arafasida, Markaziy ko‘rgazmalar zalida XL an’anaviy “Rassom va tabiat” ko‘rgazmasi ochiladi. Joriy yilda loyiha o‘zining 40 yilligini nishonlamoqda. Shubhasiz, bu O‘zbekiston tasviriy san’ati tarixidagi eng uzoq davom etayotgan va eng muvaffaqiyatli ko‘rgazma loyihalaridan biridir. Buning esa o‘ziga xos sabablari bor.

Qadim zamonlardan buyon tabiat rassomlar uchun ilhom manbai bo‘lib kelgan va bu holat faqat manzara janri bilan cheklanib qolmaydi. Ochiq osmon ostida — plenerda ishlash yosh rassomlar tayyorgarligining ajralmas qismi bo‘lib, yetuk ustalar uchun esa yangi asarlar yaratishda kuchli ilhom manbai vazifasini bajargan. Ayrim ijodkorlar — E. Melnikov yoki G. Chiganov singari — asarlarini bevosita plenerda yaratgan bo‘lsalar, boshqalar tabiatdan olgan taassurotlarini ustaxonada, xotira asosida (A. N. Volkov kabi) yoki etyudlarga tayangan holda (O‘. Tansiqboyev singari) ishlaganlar. Qanday bo‘lmasin, tabiat doimo rangtasvirchilar, akvarelchilar va haykaltaroshlar e’tibor markazida bo‘lib kelgan va bugun ham shunday.

1985-yilda plenerchi rassomlar guruhi o‘z asarlarini ilk bor ko‘rgazmada namoyish etib, keyinchalik yillik an’anaga aylangan loyiha asosiga poydevor qo‘ydi. Loyihaning tashabbuskorlariEvgeniy Melnikov, Yuriy Strelnikov hamda ko‘plab plener ishtirokchilari: Yuriy Taldykin, Grigoriy Zilberman, Veniamin Akudin, Rimma Gagloyeva, Vladimir Chub, Yuriy Chernyshyov, Yanis Salpinkidi, Aleksandr Ponomaryov, Dilyus Mursalimov, Iskra Shin, Valeriy Enin, Viktoriya Troshina va boshqalar bo‘lgan. Chimyon, Oqtosh, Parkent va Boysun tog‘oldi hududlari rassomlar uchun haqiqiy ziyorat maskaniga aylangan.

2013-yilda esa “Sarchashma” nomli yangi plenerchilar guruhi tashkil etildi. Uning tarkibiga taniqli rassomlar — Sobir Raxmetov, Fayzullaxon Axmadaliyev, Akmal Nur, Qudrat Ajimetov, Anvar Mirsagatov va boshqalar kirgan.

Yubiley ko‘rgazmasi retrospektiv formatda o‘tkazilmoqda. Unda Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi fondidan olingan mashhur ustalarning manzara asarlari hamda 300 dan ortiq yangi mualliflik ishlari namoyish etilmoqda. Rangtasvir an’anaviy ravishda yetakchi o‘rinni egallab, ijodiy uslublarning xilma-xilligi, ranglar boyligi va his-tuyg‘ular rang-barangligi bilan tomoshabinni hayratga soladi.

Ko‘rgazma ishtirokchilari orasida O‘rol Tansiqboyev, Nikolay Karaxan, Raxim Axmedov, Nig‘mat Qo‘ziboyev, Mannon Saidov, Rashid Timurov, Teshaboy Pirmatov, Paxriddin Toxirov, Ivan Enin, Mixail Esin, Boris Tokmin, Goratsiy Chernuxin, Nikolay Shin, Vladimir Burmakin, Aleksandr Perov, Javlon Umarbekov, Alisher Mirzayev, Shuhrat Abdurashidov, Xakim Mirzaxmedov, Obidjon Bakirov va boshqa ko‘plab san’atkorlar bor.

Akvarel ustalari orasida Georgiy Chiganov, Grigoriy Shevyakov, Boris Kotlov, Marat Sadikov, Lev Snegiryov, G‘ayrat Baymatov, Anatoliy Ligay, Ataxon Allabergenov, Miron Xegay, Damir Urazayev nomlarini uchratish mumkin. Shuningdek, Aleksandr Ponomaryov, Alisher Alikulov, Xurshid Ziyaxonov, Oksana Zalevskaya, Muhammadiyor Tashmurodov, Valeriy Enin, Viktoriya Troshina, Dilorom Mamedova, Liana Almyasheva, Alisher Hamdamov, Xurshid Sattarov, Bulat Ilyasov va boshqalarning ko‘plab yangi rangtasvir asarlari, akvarelda esa Asliddin Kalanov, Ulug‘bek Usmonov, Kamila Galitskaya, Olimjon Fazilov, Tatyana Korobova va boshqalarning ishlari namoyish etilmoqda.

Ekspozitsiyada Abdumumin Baymatovning animalistik asarlari, Marina Borodina, Vasiliy Popov, Lyudviga Nesterovich va Anush Avakyanning original haykaltaroshlik kompozitsiyalari, shuningdek Irina Muxamedshinaning zargarlik plastika ishlari ham o‘rin olgan.

Mazkur yubiley vernisaji tabiatga bag‘ishlangan o‘ziga xos Madhiya bo‘lib, u energiya, fantaziya, teran kuzatuvchanlik va atrof-muhitga bo‘lgan cheksiz muhabbat bilan sug‘orilgandir.