close-icon

Dushanba – Juma, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

Bugun, 18-dekabr kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzuridagi Rassomlik mahorat ustaxonasi stajor-tadqiqotchilari 2025-yil ikkinchi yarim yillik attestatsiyasidan o‘tkazildi.

Attestatsiya jarayoni O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur rahbarligida tashkil etilgan komissiya ishtirokida o‘tkazildi. Unda stajor-tadqiqotchilar tomonidan ikki yil davomida yaratilgan ijodiy asarlar atroflicha ko‘zdan kechirilib, ularning kasbiy mahorati, badiiy tafakkuri va ijodiy izlanishlaridagi o‘sish bosqichlari chuqur tahlil qilindi. Komissiya a’zolari yosh rassomlarning rangtasvir, kompozitsiya va obraz yaratish borasidagi tajribasi sezilarli darajada boyiganini ta’kidladilar.

Ustozlar tomonidan stajor-tadqiqotchilar bugungi kunda zamonaviy tasviriy san’at jarayoniga dadil kirib kelayotgan, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni o‘z ijodida uyg‘unlashtira olayotgan yangi avlod rassomlari sifatida baholandi. Ularning har bir asarida individual uslubga intilish, badiiy fikrning mustaqillashuvi va mavzuga mas’uliyat bilan yondashuv sezilib turishi alohida e’tirof etildi.

Shu bilan birga, ustozlar yosh ijodkorlarga ijodiy intizomni yanada mustahkamlash, mavzuni chuqurroq tahlil qilish, texnik mahorat ustida muntazam ishlash, rang va shakl uyg‘unligiga yanada sinchkov yondashish zarurligini ta’kidladilar. Ijod yo‘lida to‘xtab qolmaslik, tanqidiy fikrni to‘g‘ri qabul qilish lozimligi qayd etildi. Shuningdek, ustozlar rassom o‘z ustida tinimsiz ishlagan taqdirdagina asarlarida badiiy mukammallik va chuqur mazmun namoyon bo‘lishini alohida urg‘u bilan ta’kidlashdi.

Attestatsiya yakunida stajor-tadqiqotchilarga kelgusida yanada yuksak ijodiy marralarni zabt etish, o‘z maktabini shakllantirish va milliy tasviriy san’atimiz rivojiga munosib hissa qo‘shish tilaklari bildirildi.

Stajor-tadqiqotchilar tomonidan yaratilgan ijodiy ishlar o‘rnatilgan tartibda Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi va Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyi fondiga topshiriladi.