Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur Samarqand viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev bilan uchrashuvida viloyatda soha vakillariga yaratilayotgan shart-sharoitlar, rassomlar ijodiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, targ‘ib etish masalasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan fikr almashildi, bu borada salmoqli natijalarga erishilayotgani qayd etildi.
Muloqot chog‘ida Badiiy akademiya raisi Akmal Nur Samarqandda taniqli rassom, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Pavel Benkov (1879-1949) maktabini qayta tiklash taklifini ilgari surdi.
Ma’lumki, ustoz rassom Pavel Benkov ijodiy faoliyatining aksar qismini O‘zbekistonga bag‘ishladi. Samarqandda yashab, ijod qildi, o‘zining hayotbaxsh asarlarida diyorimizning go‘zalligini, o‘zgacha jozibasini samimiy tarannum etdi. O‘zidan yuksak badiiy qiymatga ega asarlarni meros qoldirdi. Qolaversa, o‘z ijodi bilan ko‘plab izdoshlari qalbiga diyorimizga xos mehr va fidokorlik tuyg‘ularini singdirdi. Oddiy sharoitda ijod qilib, iloji boricha iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatladi, ularga go‘zallikni ilg‘ay olish, his etishni o‘rgatdi, yuksak estetik didni tarbiyalash maqsadidan chekinmadi.
O‘zbekistonning XX asr tasviriy san’ati xazinasiga munosib hissa qo‘shgan Aleksandr Nikolayevich Volkov, Zinaida Kovalevskaya, Nadejda Kashina, Nikolay Karaxan, Abdulhaq Abdullayev, Malik Nabiyev, Lutfulla Abdullayev, Rashid Timurov, Rahim Ahmedov, Eduard Qalandarov, Ro‘zi Choriyev, Ne’mat Qo‘ziboyev, Zokir Inog‘omov, Qutlug‘ Basharov, Shuhrat Abdurashidov, Telman Muhammedov va davrimizning Javlon Umarbekov, Bahodir Jalolov, Alisher Mirzayev, Akmal Nuridinov, G‘ofur Qodirov singari hamda boshqa ko‘plab zabardast rassomlar, san’at arboblarining ijodiy tarjimayi holi aynan Pavel Benkov ijod maktabiga borib taqaladi.