Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
close-icon

Dushanba – Juma, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

 Bugun, 5-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi, Birodar shaharlar alyansi hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamkorligida “Shaharlar tarixi va badiiy meros” mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbir avvalida mehmonlar Milliy madaniy markazlar paviloniga tashrif buyurib, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan turli milliy madaniy markazlarning faoliyati, urf-odatlari va madaniy merosi bilan tanishdilar. Ushbu tanishtiruv O‘zbekistonda millatlararo do‘stlik, totuvlik va o‘zaro hurmat tamoyillarining amalda mustahkamlanayotganining yorqin ko‘rinishi sifatida baholandi.

Davra suhbatida shaharlarning tarixiy qiyofasi va me’moriy merosini san’at vositasida yoritish, uni xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish masalalari muhokama qilindi. Ayniqsa, san’at xalqaro hamkorlikni mustahkamlashning eng samimiy va samarali vositasi sifatida alohida qayd etildi.

Qo‘mita raisi Kahramon Sariev o‘z nutqida, shaharlarni madaniy va ijodiy markaz sifatida rivojlantirish, xalq diplomatiyasi va vatandoshlar bilan aloqalarni kengaytirish va do‘stlik jamiyatlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash masalalariga urg‘u berdi. 

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, “O‘zbekiston – Shimoliy Makedoniya” do‘stlik jamiyati raisi Akmal Nur o‘z nutqida san’atning xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, madaniy hamkorlik va o‘zaro tushunishni mustahkamlashdagi beqiyos o‘rnini alohida ta’kidladi. U san’atni xalq diplomatiyasining ta’sirchan vositasi sifatida e’tirof etib, u orqali davlatlararo aloqalarni rivojlantirish, madaniyatlararo muloqotni kengaytirish va o‘zaro anglashuvni chuqurlashtirish mumkinligini qayd etdi. Shu nuqtai nazardan, u xalqaro ko‘rgazmalarni tashkil etish, yosh ijodjorlarni chet ellardagi ijodiy uchrashuvlar, ko‘rgazmalarda ishtirok ettirish, shuningdek, xorijlik ijodkorlarni O‘zbekistonga taklif etib, ularni mahalliy san’at maktablari, tarixiy obidalar va madaniy muhit bilan tanishtirish orqali madaniy almashinuvni yo‘lga qo‘yish muhimligini ta’kidladi. Bunday tashabbuslar san’at orqali shaharlar va mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlab, O‘zbekistonning boy badiiy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga xizmat qilishiga xizmat qilishini ta'kidladi.

Davra suhbati yakunida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi va Birodar shaharlar alyansi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat kelgusida qo‘shma ko‘rgazmalar, ilmiy-amaliy konferensiyalar, ijodiy safarlar va madaniy-ma’rifiy tadbirlarni amalga oshirish uchun mustahkam asos yaratadi. Shuningdek, memorandum san’at orqali shaharlararo hamkorlikni boyitib, xalqaro hamkorlikni yanada mazmunli va samarali qilishga qaratilgan.

Davlatlar do‘stligiga ilk ko‘prik san’atdan boshlanadi — madaniy almashinuv va ijodiy hamkorlik orqali xalqlar o‘rtasida do‘stona aloqalar mustahkamlanadi, milliy san’atimiz esa jahon miqyosida keng targ‘ib etiladi. Mazkur davra suhbati ana shunday hamkorlik yo‘nalishlarini aniq belgilab, san’atning xalqaro do‘stlik va tinchlikka xizmat qiluvchi muhim vosita ekanligini yana bir bor tasdiqladi.