Bugun, 22-dekabr kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasida “Sharq birligi: Mirzo Qadim Iravoniy va o‘zbek naqshlari” nomli badiiy rasmlar tanlovi g‘oliblarini taqdirlash hamda g‘olib ishtirokchilar asarlaridan iborat ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tanlov O‘zbekiston Respublikasidagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi tomonidan O‘zbekiston Badiiy akademiyasi va Toshkent fotosuratlar uyi ko‘magida Ozarbayjon rassomi va naqqoshi Mirzo Qodim Iravoniyning 200 yillik yubileyiga bag‘ishlab tashkil etildi.
Tanlovning asosiy maqsadi Mirzo Qodim Iravoniyning boy ijodiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish, sharqona naqshchilik an’analarini asrab-avaylash, shuningdek, yosh rassomlarni qo‘llab-quvvatlash hamda Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy muloqotni rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.
Mirzo Qadim Iravoniy XIX asr Ozarbayjon milliy rassomlik san’atining taniqli namoyandalaridan biri sifatida rangtasvirning boy an’analarini rivojlantirishga katta hissa qo‘shganini ta’kidlash lozim. Uning ijodi, ayniqsa, Sharq rangtasvirining estetik va kompozitsion tamoyillarini zamonaviy davrga mos tarzda talqin etishi bilan ajralib turadi. Rassom asarlarida Ozarbayjon madaniyati, tarixi va badiiy merosiga bo‘lgan chuqur sadoqat yaqqol aks etadi.
Tanlovda viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan turli yosh toifalariga mansub o‘zbek rassomlari hamda bezak san’ati ijodkorlari ishtirok etdilar. Taqdim etilgan asarlar professional hakamlar hay’ati tomonidan badiiy va kompozitsion mezonlar asosida baholandi.
Shuningdek, tadbir dasturidan Mirzo Qadim Iravoniy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan hujjatli film namoyishi ham o‘rin oldi.
Tadbir doirasida tanlovning eng yaxshi asarlaridan iborat ko‘rgazma tashkil etilib, g‘oliblarga diplomlar va esdalik sovg‘alari topshirildi. Tanlov yakunlariga ko‘ra g‘olib va sovrindorlar quyidagicha taqdirlandi:
1-o‘rin — Baxtiyorjonov Bexruzbek, Andijon ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati o‘quvchisi.
2-o‘rin — Qaxxorova Madinabonu, Pavel Benkov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabi o‘quvchisi.
3-o‘rin — Omonullayeva Muhlisa, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti 4-kurs talabasi.
Nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar:
“Eng yosh ishtirokchi” — Baxatov Dulat, Jollibay Izentayev nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati o‘quvchisi.
“Eng yaxshi portret” — Imomaliyeva Gulbahor, Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabasi.
“Eng yaxshi naqqoshlik asari” — Olimjonova Farangiz, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti 4-kurs talabasi.
“Eng yaxshi grafik asar” — Ulug‘bek Muxamatov, Navoiy san’at maktabi o‘qituvchisi.
Mazkur tanlov va taqdirlash marosimi Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash, shuningdek, umumiy badiiy merosni targ‘ib etishga xizmat qiladi.