2025-yil 11-dekabr kuni Sirdaryo ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Tashkiliy-tahliliy bo‘limi boshlig‘i, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat mas’ul xodimi Jasur Eshmuminov tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 3-yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurash toʻgʻrisida”gi O‘RQ-419-son hamda 2024-yil 5-iyundagi “Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi O‘RQ-931-sonli Qonunlari ijrosi yuzasidan seminar-trening o‘tkazildi. Unda Badiiy akademiya markaziy apparati va maktab-internati xodimlari ishtirok etdi.
Seminar-trening davomida korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari va davlat siyosatidagi yo‘nalishlar, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar va ularni aniqlash usullari, fuqarolar va nodavlat notijorat tashkilotlarning ishtiroki, shuningdek davlat organlari xodimlarining manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish, uni tartibga solish va amaliy tavsiyalar masalalari batafsil muhokama qilindi.
Tadbir davomida olingan bilimlar va tavsiyalar Sirdaryo ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati xodimlari tomonidan amaliy faoliyatda qo‘llanilib, ta’lim muassasasida shaaffof, samarali va qonuniy faoliyat muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, bunday seminar-treninglar xodimlarni mas’uliyatli, adolatli va professional faoliyat yuritishga rag‘batlantiradi, davlat siyosatining korrupsiyaga qarshi kurash va manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish bo‘yicha strategiyasini yanada samarali amalga oshirish imkonini yaratadi.