close-icon

Dushanba – Juma, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

Bugun Respublika ixtisoslashtirilgan dizayn maktabi Arxitektura dizayni bo‘limi o‘qituvchilari tashabbusi bilan Toshkent metropolitenining “Alisher Navoiy” bekatida ustoz-shogird an’analarini rivojlantirishga bag‘ishlangan “Cheksiz ilhom” nomli ko‘rgazma bo‘lib o‘tdi.

Mazkur ko‘rgazmaning metro makonida tashkil etilgani unga o‘zgacha mazmun va zamonaviy ruh bag‘ishladi. San’at an’anaviy galereya devorlaridan chiqib, shahar hayotining eng gavjum va harakatdagi nuqtalaridan biriga olib kirildi. Natijada ijod va kundalik hayot, estetik tafakkur va urban muhit o‘zaro uyg‘unlashdi.

Ko‘rgazmada yosh dizaynerlarning arxitektura yo‘nalishidagi innovatsion loyihalari, konseptual maketlari hamda milliy va zamonaviy uslublarni mujassam etgan ijod namunalari namoyish etildi. Har bir ishda ustozning boy tajribasi va shogirdning izlanishi, an’ana va yangilikning uzviy uyg‘unligi yaqqol namoyon bo‘ldi.

“Cheksiz ilhom” ko‘rgazmasi nafaqat ijodiy ishlar taqdimoti, balki mahorat maktabi, tajriba almashinuvi va madaniy muloqot maydoni sifatida ham ahamiyat kasb etdi. Mazkur urban makonda tashkil etilgan ko‘rgazma yosh avlod qalbida san’atga bo‘lgan qiziqish va muhabbatni yanada kuchaytirib, ustoz-shogird an’analarining bardavomligini yana bir bor namoyon etdi.