Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
close-icon

Dushanba – Juma, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

Joriy yilning 20-noyabr kuni soat 17:00da  Toshkent fotosuratlar uyida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, iste’dodli yosh rassom Ulug‘bek Rajabovning “Uchar tuya rivoyati” nomli shaxsiy ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Ko‘rgazmada ijodkorning 30 ga yaqin rangtasvir asari namoyish etildi.

Tashkilotchilar: O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi, Toshkent Fotosuratlar uyi.

Ulug‘bek Rajabov respublika miqyosida o‘tkazilgan yirik ko‘rgazmalarda ishtiroki bilan allaqachon san’at ixlosmandlariga tanilib ulgurgan. Bunga sabab uning asarlari ko‘rgazmalar ekspozitsiyalarida o‘zining yorqin ranglari bilan ko‘zga yaqqol tashlanishi, shakllarning plastik jihatidan o‘ziga xosligida bo‘lsa, ajabmas.

 Bugungi ko‘rgazmada U.Rajabovning, asosan, keyingi yillarda ishlagan yirik hajmdagi asarlari namoyish etilmoqda. Rassom asarlarining o‘ziga xosligi, dastxati muhri, ayniqsa, ranglarda o‘zini namoyon etadi. Ranglarga o‘zgacha kayfiyatda yondashilishi balki ona shahri “Samarqand sayqali”ga muqoyasadir, balki ichki bir uyg‘unlikdir: “Soyadagi qizlar”, “Bahor”, “Oqshom”, “Kuzgi kayfiyat”.

Ulug‘bekning yirik hajmdagi, konseptual asarlari nafaqat o‘zining haybati bilan, balki mavzu talqini bilan tomoshabinda ichki g‘alayon va jo‘shqinlikni yuzaga keltiradi-ki, beixtiyor uning ishtirokchisiga aylanadi. Buyuk sivilizatsiyalar markazlaridan biri qadimiy So‘g‘d madaniyatiga bu qadar nafosat va ehtiyotkorana munosabat ijodkorning an’anaviy mavzuni yangicha zamonaviy ruhda talqin etishiga zamin hozirlaydi. Mahobatli shaklu shamoyillar, qadimiy ohangga burkangan ranglar mavzu, syujet, kompozitsion yechim va umuman asarga ko‘hna va muhtasham ruh bag‘ishlaydi: “Buyuk tamaddunlar”, “So‘g‘d go‘zallari”, “To‘y”, “Uchar tuyalar”, “Afrosiyob ishqi”.   

 

Ijodkor haqida:

1981 y. – Samarqand viloyati, Narpay tumanida tug‘ilgan.

1988 – 1998 yy. – O‘rta maktabda o‘qigan.

1999 – 2003 yy. – P.Benkov nomidagi respublika rassomlik kollejida tahsil olgan.

2003 – 2009 yy. – K.Behzod nomidagi MRDI “Rangtasvir” kafedrasi bakalavri (S.Raxmetov, M. Toshmurodov) va magistri (A.Ikromjonov) bo‘lgan.

2009 y. – O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zoligaga qabul qilingan.

2011 – 2016 yy. – P.Benkov nomidagi Respublika rassomlik kolleji o‘qituvchisi.

2018 – 2021 yy. -  K.Behzod nomidagi MRDIning  “Muzeyshunoslik” kafedrasi o‘qituvchisi.

2018 – 2021 yy. -  K.Behzod nomidagi MRDIning  “Dastgohli rangtasvir” kafedrasi o‘qituvchisi.

Ko‘plab respublika va halqaro ko‘rgazmalar ishtirokchisi.

Asarlari dunyoning yirik mamlakatlaridagi davlat muzeylari va shaxsiy galereyalarda saqlanadi.