close-icon

Dushanba – Juma, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Toshkent fotosuratlar uyida xalq rassomi, akademik Anvar Mamajonovning “Urush bolalari” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi, Toshkent fotosuratlar uyi hamkorligida hamda Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi tashabbusi bilan “Xotirlashni vasiyat qilganlar!” xalqaro aksiyasi doirasida tashkil etilgan ushbu yirik ijodiy loyiha Ikkinchi jahon urushining 85 yilligiga bag‘ishlandi.

Ekspozitsiyada muallifning ko‘p yillik arxiv izlanishlari mahsuli bo‘lgan va ilk bor keng jamoatchilikka taqdim etilayotgan “Bolalikda qolib ketganlar” turkumi markaziy o‘rinni egalladi.

Grafik asarlarda urush girdobida qolgan bolalar va o‘smirlar taqdiri, ularning ichki kechinmalari yuksak akademik mahorat, murakkab shtrixlar va chuqur psixologizm orqali ta’sirchan ifodalangan.

Ko‘rgazmaning muhim konseptual yo‘nalishiurush yillarida 250 mingdan ziyod evakuatsiya qilingan yetim bolalarni bag‘riga olib, ularga boshpana va mehr bergan o‘zbek xalqining insonparvarligi va bag‘rikengligini yoritishdan iborat.

Rassom ijodida fojiaviy voqealar tasviriga qaramay, insoniy qadr-qimmat va ma’naviy matonat g‘oyalari ustuvor o‘rin tutadi.

Ko‘rgazmaning ochilish marosimida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, taniqli ijodkorlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Mazkur ko‘rgazma tinchlik qadrini anglash va tarixiy xotirani asrab-avaylashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ko‘rgazma 28-iyunga qadar davom etadi.

Barchani Anvar Mamajonov ijodi bilan yaqindan tanishish uchun Toshkent fotosuratlar uyiga taklif etamiz.