close-icon

Dushanba – Juma, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

Bugun, 14-yanvarO‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan O‘zbekiston Badiiy akademiyasida “Mard o‘g‘lonlar nomi barhayot” nomli ko‘rgazmaning ochilish marosimi va ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati hamda Toshkent fotosuratlar uyi hamkorligida tashkil etildi.

 Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 1-dekabrdagi F-70-son Farmoyishi ijrosini ta’minlash maqsadida, “Milliy armiya — Ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni!” shiori ostida Vatan himoyasi yo‘lida fidoyilik va jasorat ko‘rsatgan, xizmat burchini ado etish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar xotirasiga bag‘ishlandi.

 Jamoat arboblari, ziyolilar, Vatan himoyasi va el-yurt tinchligi yo‘lida qahramonlarcha halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlarning oila a’zolari ishtirok etgan tadbirning dastlabki qismi Badiiy akademiyaning Anjumanlar zalida bo‘lib o‘tdi.

 Unda Vatan himoyasi yo‘lida jonini ayamagan mard o‘g‘lonlar xotirasiga bag‘ishlab tayyorlangan videolavha namoyish etildi, qahramon harbiy xizmatchilarning siymosi, ularning jasorati va fidoyiligi yana bir bor yodga olindi. Mazkur video tomoshabinlarda chuqur ma’naviy taassurot qoldirib, tinch va osoyishta hayotning naqadar bebaho ekani, u fidoyilik, mardlik va jon evaziga ta’minlanayotganini teran anglashga chorladi.

 Shundan so‘ng tadbirda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, O‘zbekiston xalq rassomi Akmal Nur, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri o‘rinbosari Murodjon Madjidov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori Baxtiyor Xasanov hamda O‘zbekiston xalq artisti Erkin Komilov so‘zga chiqdi.

 Notiqlar so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijasida milliy armiyamiz salohiyati oshgani, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligini, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlashga qodir bo‘lgan harakatchan va puxta qurollangan qudratli kuchga aylanganini ta’kidlashdi. Shuningdek, bugungi tinch hayot zamirida harbiy xizmatchilarning fidoyi xizmati yotgani, ona yurt himoyasidek ulug‘ ishga hayotini bag‘ishlagan harbiylar bilan faxrlanish lozimligi alohida qayd etildi. Xizmat burchini ado etish chog‘ida halok bo‘lgan harbiylarning jasorati xalqimiz xotirasida abadiy saqlanishi, ularning nomini ulug‘lash va xotirasini e’zozlash bugungi va kelajak avlodning muqaddas burchi ekani urg‘ulandi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Badiiy akademiyasining “Akademiya” galereyasida “Mard o‘g‘lonlar nomi barhayot” nomli badiiy ko‘rgazma ochildi.

Ko‘rgazmada xizmat burchini ado etish chog‘ida halok bo‘lgan 25 nafar harbiy xizmatchining portretlari namoyish etildi. Portretlar O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tizimidagi ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari tomonidan yaratilgan bo‘lib, har bir asarda Vatan yo‘lida jon fido qilgan qahramonlarning matonati, jasorati va sadoqati badiiy ifodasini topgan.

Ko‘rgazma orqali tomoshabinlar qahramonlarning jasorati bilan yaqindan tanishish, ularning Vatan yo‘lida fido bo‘lgan hayotini chuqur his etish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Portretlarda aks etgan qahramonlar siymosi Vatan himoyachilariga nisbatan hurmat va ehtirom tuyg‘usini mustahkamladi.

 Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan vatanparvarlik ruhidagi badiiy adabiyotlar ham taqdim etildi. Ushbu kitoblar Vatan himoyasi, jasorat va xotira mavzularini yorituvchi ma’naviy manba sifatida ko‘rgazma ekspozitsiyasidan o‘rin oldi hamda tadbirning g‘oyaviy mazmunini boyitdi. Tadbir mehmonlariga mazkur adabiyotlar xotira va ehtirom ramzi sifatida sovg‘a qilindi.

Mazkur badiiy ko‘rgazma Vatanimiz tinchligi, mustaqilligi va osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida jonini fido qilgan mard o‘g‘lonlar xotirasiga chuqur hurmat ifodasi bo‘lib, Milliy armiyamizning 34 yillik shonli yo‘li hamda bugungi tinch hayotimizning naqadar bebaho ekanini yana bir bor yodga solgan muhim ma’naviy voqelik bo‘ldi.