Oʻzbekiston Badiiy akademiyasida rais oʻrinbosari Farhod Tashmuhamedov hamda Fransiyaning Versal va Trianon saroylari milliy muzeyi direktori janob Loran Salome boshchiligidagi delegatsiya oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Muloqot davomida soʻnggi yillarda madaniyat, sanʼat sohasida Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi hamda Fransiyaning tegishli muassasalari oʻrtasida hamkorlik aloqalari tobora kengayib borayotgani, fransuz tasviriy sanʼatini targʻib qiluvchi koʻrgazmalar oʻtkazilayotgani alohida qayd etildi.
Uchrashuvda kelgusi qoʻshma loyihalarni tashkil qilish va oʻtkazish, istiqbolda yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Fransiya delegatsiyasi uchrashuvdan soʻng Badiiy akademiyaning "Akademiya" galereyasida XI Toshkent xalqaro zamonaviy sanʼat biyennalesi doirasida tashkil qilingan oʻzbek rassomlarining "Charxpalak" koʻrgazmasi bilan tanishtirildi.