Bugun, 30 yanvar kuni, O‘zbekiston Badiiy akademiyasining “Akademiya” galereyasida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, grafik rassom Viktor Apuxtinning “Haqiqiy grafika – o‘tmishdan kelajakka nazar” nomli muzey asarlari retrospektiv ko‘rgazmasi ochildi.
🏅 Ko‘rgazma ochilish marosimida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur so‘zga chiqib, rassomning ko‘p yillik samarali ijodiy faoliyati hamda grafika san’atini rivojlantirishdagi xizmatlarini alohida e’tirof etdi va O‘zbekiston Badiiy akademiyasining oltin medalini tantanali ravishda topshirdi.
🖼 Ko‘rgazmada rassomning O‘zbekiston va Rossiyaning yetakchi muzeylari kolleksiyalaridan jamlangan 50 ga yaqin asarlari namoyish etilib, bu holat uning ijodiy faoliyati keng e’tirof etilganidan dalolat beradi.
❄️ Viktor Apuxtinning ijodiy ishlari chuqur falsafiy mushohada va mohir grafik uslublarning uyg‘unligi bilan ajralib turadi. Haqiqiy eskizlardan tortib ramziy kompozitsiyalargacha bo‘lgan asarlar ishonchli chiziqlar va nozik badiiy qarashlar orqali tasvirga jo bo‘lgan davrning aks-sadosini tomoshabinga yetkazadi.
📝 Ushbu ko‘rgazma madaniy hayotimizdagi muhim voqea hisoblanadi. Zero, u rassomning so‘nggi yigirma yil ichida ilk bor tashkil etilgan keng ko‘lamli shaxsiy ko‘rgazmasi bo‘lib, grafika san’atining naqadar muhtasham ekanini hamda bunday boy madaniy merosni asrab-avaylashning muhimligini namoyon etish maqsadida tashkil etildi.
✅ Muallifning asarlari tarixiy ahamiyatga ega bo‘lishi bilan birga, zamonaviy hayotimiz bilan ham chambarchas bog‘liqdir. Ularda zamonlar osha o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan azaliy mavzular va qadriyatlar aks etib, o‘tmishdan kelajakka nazar, san’atkor va tomoshabin avlodlari o‘rtasida badiiy ko‘prik vazifasini bajaradi.
📚 Ekspozitsiyada rassomning ijodiy ishlari jamlangan badiiy adabiyotlar ham namoyish etilmoqda. Bugungi kunda u kitob grafikasi yo‘nalishida samarali ijod qilib kelmoqda. Musavvirning asarlari nufuzli muzeylar to‘plamlarida, shuningdek, AQSh, Belgiya, Yaponiya, Italiya, Germaniya, Fransiya, Hindiston, Isroil va Braziliyadagi shaxsiy kolleksiyalardan joy olgan. Rassom O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlarda muntazam ravishda ko‘rgazmalar, mahorat darslari va ma’ruzalar o‘tkazib kelmoqda.
⌛️ Ko‘rgazma joriy yilning 10 fevraliga qadar davom etadi.