Bugun O‘zbekiston Badiiy akademiyasi anjumanlar zalida joriy yil 20–24-aprel kunlariga belgilangan Xalqaro an’anaviy tasviriy va amaliy san’at festivali oldidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur, bosh ilmiy kotib Feruza Abidjanova, festival direktori Orziqul Ro‘ziyev hamda festival kuratori Lobar Mirzabayeva tomonidan festival haqida batafsil ma’lumot berildi.
Mazkur festival O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-3219 va PQ-4688-son qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining 55-son bayoni ijrosini ta’minlash maqsadida Badiiy akademiya va qator vazirliklar, tashkilotlar hamda xorijiy diplomatik vakolatxonalar hamkorligida o‘tkazilmoqda.
Xalqaro an’anaviy tasviriy va amaliy san’at festivali milliy san’atimizning boy merosini targ‘ib etish, ijodiy almashinuvni rivojlantirish, yangi iste’dodlarni yuzaga chiqarish hamda turli xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bu yil festivalda Xitoy, Janubiy Koreya, Turkiya, Fransiya, Ruminiya, Rossiya Federatsiyasi hamda TURKSOYga a’zo davlatlardan rassomlar ishtirok etib, 9 ta xorijiy loyiha taqdim etiladi.
Bular:
Festival an’anaga ko‘ra 5 kun davom etib, 20–24-aprel kunlari Toshkent shahri va respublika bo‘ylab o‘tkaziladi. Unda san’at maktablari, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari hamda oliy ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etib, o‘z ijod namunalarini namoyish etadilar.
Festival dasturiga muvofiq, mehmonlar Toshkent va Samarqand shaharlarining diqqatga sazovor maskanlari bilan tanishtiriladi.
Shuningdek, hududlarda mahorat darslari tashkil etilib, ularda akademiklar, rassomlar va ustalar ishtirok etadilar.
An’anaga ko‘ra, bu yil ham “Kamoliddin Behzod izdoshlari” miniatura va xalq amaliy san’ati tanlovi g‘oliblari e’lon qilinadi hamda ishtirokchilar ko‘rgazmasi tashkil etiladi.