close-icon

Dushanba – Juma, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

Bugun, 9-dekabr kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasining “Akademiya” galereyasida Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish xalqaro kuni munosabati bilan “Zo‘ravonlikka yo‘l yo‘q!” nomli fotoko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, 1999 yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 25-noyabr — Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish xalqaro kuni sifatida e’lon qilingan bo‘lib, bugungi kunda ushbu sana nafaqat jamiyat ongida, balki madaniy-ma’rifiy hayotimizda ham chuqur ma’naviy mazmun kasb etmoqda.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan “Zo‘ravonlikka yo‘l yo‘q!” fotoko‘rgazmasi insoniyatning eng nozik tuyg‘ulariga daxldor mavzuni badiiy tasvir vositalari orqali yoritishga qaratilgan. Unda ayolning insoniy qadr-qimmati, jamiyatdagi o‘rni va daxlsizligi zamonaviy vizual estetika talablari asosida talqin etilgan.

Davlatimiz tomonidan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, huquq va manfaatlarini himoyalash borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar bugungi ekspozitsiyada o‘zining badiiy ifodasini topgan. Namoyish etilgan suratlarda nafaqat ayollarning hayot tarzi va madaniyati, balki ularning ruhiy olami, orzu-intilishlari hamda jamiyatdagi mustahkam o‘rni tasviriy ifoda orqali mahorat bilan ko‘rsatib berilgan.

Ko‘rgazmada O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasining Fotosho‘ba a’zolari hamda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi fotomuxbirlari tomonidan yaratilgan 50 dan ortiq badiiy fotografiya asarlari jamlangan. Ushbu asarlar orqali har qanday erkin va taraqqiyparvar jamiyatda bo‘lgani kabi, O‘zbekiston Respublikasida ham xotin-qizlarning sha’ni, erkinligi, gender tengligi va ijtimoiy himoyasi ustuvor qadriyat ekanligi yorqin tasviriy dalillar bilan ifodalangan.

Ushbu ko‘rgazma tomoshabinni insoniy qadriyatlar haqida mushohadaga chorlaydi hamda ayolning beqiyos maqomi, uning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni naqadar ulug‘ va muqaddas ekanini yana bir bor ta’kidlaydi.