26-avgust kuni Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Xumson qishlog‘i atrofida “Ustoz va shogird” an’anasi asosida Toshkent viloyatida yashab, ijod qilib kelayotgan “Ifor” ijodiy guruhi a’zolari hamda Chirchiq davlat pedagogika universiteti talabalari ishtirokida plener bo‘lib o‘tdi.
Plenerda Badiiy ijodkorlar uyushmasi va “Ifor” ijodiy guruhi a’zolari — rassomlar Imomatova Umida va Ayubova Sitora, shuningdek, ularning shogirdlari — Chirchiq davlat pedagogika universiteti talabalari Erkinova Odina, Kabilova Mafusa, Pardayeva Sevinch, Zokirboboyeva Dilobar va Gulmirzayeva Asal faol ishtirok etdilar.
Tabiatning betakror manzaralari, Xumsonning so‘lim tabiati va tog‘ havosi ijodkorlarga yangi ilhom bag‘ishladi. Plener davomida talabalar tabiat manzaralarini kuzatib, turli etyudlar ishladilar, rang va kompozitsiya ustida amaliy mashg‘ulotlar olib bordilar.
Ayniqsa, yosh ijodkorlarning ustoz rassomlar bilan yonma-yon ishlashi, ulardan amaliy tajriba va qimmatli maslahatlar olishi plenerning muhim jihatlaridan biri bo‘ldi. Ustozlar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, talabalarga tabiatni tasvirlash, ranglar uyg‘unligini topish va badiiy ifodani kuchaytirish borasida tavsiyalar berdilar.
“Ifor” ijodiy guruhi va yoshlarning Xumsondagi ushbu pleneri ijodkorlar uchun nafaqat yangi asarlar yaratish, balki o‘zaro tajriba almashish, fikr va ilhom uyg‘unligini his etish imkonini bergan mazmunli ijodiy jarayon bo‘ldi.