Bugun, 20-may kuni Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining “Akademiya” galereyasida mamlakatimiz sport tarixidagi unutilmas voqealardan biri — Oʻzbekiston milliy futbol terma jamoasining 2026-yil futbol boʻyicha Jahon chempionatiga tarixiy yoʻllanmani qoʻlga kiritgani munosabati bilan “Yangi Oʻzbekiston: Mundialga yoʻl” nomli fotokoʻrgazma tashkil etildi.
📝 Mazkur koʻrgazma Yangi Oʻzbekistonning zamonaviy qiyofasi, yoshlar tafakkuri, milliy gʻurur va kreativ salohiyatini oʻzida mujassam etgani bilan alohida аҳamiyat kasb etadi. Ekspozitsiyada yosh dizaynerlar, rassomlar va ijodkorlar tomonidan yaratilgan futbolga oid zamonaviy brend konsepsiyalari, muxlislik atributlari, suvenir mahsulotlari, sport liboslari dizaynlari, logotip va vizual identifikatsiya loyihalari, shuningdek, milliy ruh bilan sugʻorilgan kreativ ishlanmalar namoyish etilmoqda.
💾 Koʻrgazma Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 6-maydagi 195-F-son Farmoyishi ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan boʻlib, unda futbolning nafaqat sport turi, balki xalqni birlashtiruvchi, milliy gʻururni yuksaltiruvchi va yosh avlodni ulkan maqsadlar sari ruhlantiruvchi kuch ekani badiiy talqinlarda yorqin ifoda etilgan.
🖼 Ekspozitsiyadan oʻrin olgan har bir loyiha terma jamoamizning gʻalabaga boʻlgan qatʼiy intilishi, muxlislar ishonchi va xalqimizning cheksiz qoʻllab-quvvatlashini oʻzida mujassam etadi. Ayniqsa, milliy ramzlar va zamonaviy dizayn yechimlari uygʻunligi orqali Yangi Oʻzbekiston yoshlarining tafakkuri, estetik qarashi va ijodiy salohiyati namoyon boʻlmoqda.
⚽️ 2026-yilgi Jahon chempionatiga yoʻllanma — bu nafaqat sportdagi tarixiy yutuq, balki butun xalqimizning birdamligi, ishonchi va Yangi Oʻzbekiston ruhining yorqin ifodasidir. “Yangi Oʻzbekiston: Mundialga yoʻl” fotokoʻrgazmasi esa ushbu tarixiy muvaffaqiyatni sanʼat va dizayn vositasida keng jamoatchilikka yetkazib, milliy faxr va iftixor tuygʻularini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.