Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
close-icon

Dushanba – Juma, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 34 yilligiga bag‘ishlanadi!

Yurtimizda Mustaqillikning 34 yilligi keng nishonlanmoqda. Bu sana — xalqimizning orzu-umidlari, azmu shijoati va asrlar davomida qo‘lga kiritilgan eng ulug‘ ne’mati ramzidir. Mustaqillik tufayli xalqimiz o‘z taqdirining egasiga aylandi, erkin va ozod hayot yo‘liga qadam qo‘ydi, yangi taraqqiyot ufqlari ochildi.

 Bugun, 29-avgust kuni Toshkent fotosuratlar uyida “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” g‘oyasi ostida “Yangi O‘zbekistonni suratlarda kashf etamiz!” nomli fotoko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu tadbir xalqimizning milliy xotirasini yod etish, Mustaqillikning qadrini chuqur his qilish va yurtimizning bugungi taraqqiyotini hujjatlarda ko‘rsatib berishga qaratildi. Har bir surat, har bir hujjat xalqimizning yuksak orzularini, tarixiy xotirasini va kelajakka bo‘lgan ishonchini ifodalaydi.

 Ko‘rgazmada O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivida saqlanayotgan bebaho suratlar taqdim etildi. Ularda Buxoro va Xiva xonliklari, Turkiston ozodlik harakatlari va jadidlik davri, xalq respublikalari faoliyati, Turkiston Muxtoriyati, mustamlaka yillari, Mustaqillik davridagi islohotlar va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, shuningdek, 1991-yil 1-sentabr – davlat mustaqilligining e’lon qilinishi va Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti hujjatli tarzda o‘z aksini topdi.
Bu suratlar xalqimizning mashaqqatli, ammo sharafli yo‘lini, erkinlik sari intilishlarini, taraqqiyot sari odimlarini va inson huquqlarining yuksak qadrlanishini yorqin namoyon etadi.

 Shuningdek, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi fotomuxbirlari tomonidan yaratilgan suratlar ham ko‘rgazma ekspozitsiyasidan o‘rin oldi. Ularda yangi qurilayotgan inshootlar, ko‘rkam turar joylar, ko‘prik va yo‘llar, ishlab chiqarish korxonalari va sanoat zonalari, kichik biznes va tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligidagi innovatsion texnologiyalar, zamonaviy ta’lim maskanlari hamda yosh avlod tarbiyasiga oid manzaralar tomoshabin e'tiboriga havola etildi.
Bu suratlarda bunyodkorlik ruhi, yangilanish shijoati va xalqimizning yaratuvchan kuchi o'z ifodasini topgan.

Fotoko‘rgazma Mustaqillik bayramiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir sifatida xalqimizning tarixiy xotirasi, ozodlik sari yo‘li, bugungi yutuqlari va ertangi kuniga bo‘lgan ishonchini hujjatlarda mujassam etadi.

Ko'rgazma joriy yilning 3-sentabrigacha davom etadi!