26-mart kuni Toshkent fotosuratlar uyida san’at orqali o‘z qalbidagi go‘zallikni namoyon etayotgan kar va zaif eshituvchi yoshlarning ijodiy ishlari hamda O‘zbekistonlik sportchilarning 2025-yilgi Surdlimpiya o‘yinlaridagi ishtirokiga bag‘ishlangan “Yoshlar ijodi” nomli maxsus fotoko‘rgazma ochildi.
Loyiha yoshlarning ijodiy qobiliyatini namoyon qilish, jamiyatdagi stereotiplar va to‘siqlarni yengish hamda inklyuzivlikni targ‘ib qilishga qaratilgan. Fotoko‘rgazma orqali kar va zaif eshituvchi yoshlar o‘z hissiyot va g‘oyalarini vizual tilda ifodalab, jamiyat bilan yangi ko‘prik yaratmoqda.
Loyiha doirasida professional fotograf Husniddin Ato rahbarligida mahorat darslari tashkil etildi. Tadbirda imo-ishora tili tarjimoni ishtirok etib, barcha qatnashchilarga ta’lim jarayoniga to‘liq qo‘shilish imkonini yaratdi. Yoshlar fotografiya ko‘nikmalarini rivojlantirib, voqea, hissiyot va g‘oyalarni vizual vositalar orqali yetkazishni o‘rgandilar.
Loyihada Andijon, Namangan, Farg‘ona, Surxondaryo viloyatlari hamda Toshkent shahridan yoshlar ishtirok etdi. Bu esa ko‘rgazmaning mamlakat bo‘ylab keng qamrovli ekanini va teng imkoniyatlar g‘oyasini faol targ‘ib etayotganini ko‘rsatadi.
Fotoko‘rgazma doirasida uch nafar kar fotograf-mentor yoshlar bilan ishladi. Ulardan Maria Malinovskaya va Murod Yusuf 2025-yilgi Yaponiya Surdlimpiya o‘yinlaridagi tajribalarini o‘rtoqlashib, ishtirokchilarni ruhlantirdi va o‘z qobiliyatlariga ishonch bilan qarashga undadi.
Ko‘rgazmada namoyish etilgan asarlar nafaqat yoshlarning shaxsiy hikoyalarini ochib beradi, balki eshitish qobiliyati cheklangan insonlarning hayotiy tajribasi, orzu va intilishlarini chuqur his etish imkonini yaratadi.
“Bu loyiha faqat suratga olishdan iborat emas. Bu — ko‘rish mumkin bo‘lgan tovushsiz ovoz.”
Mazkur fotoko‘rgazma inklyuzivlik, teng imkoniyatlar va san’atning ijtimoiy ahamiyatini yorituvchi, ilhom va hissiyotga boy muhim muloqot maydoniga aylandi. Loyiha Yoshlar ishlari agentligi ko‘magida amalga oshirildi.