Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
Bugun O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasining anjumanlar zalida “Do‘stlik” ordeni sohibi (2003 y.), O‘zbekiston Badiiy akademiyasining haqiqiy aʼzosi (2018 y.), rangtasvirchi rassom Yanis Salpinkidi hayoti va ijod yo‘liga bag‘ishlab ishlangan film taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Film Artur Djumagari rejissyorligida ARTEG prodyuserlik markazi tomonidan suratga olingan.
Yanis Salpinkidi — hayotga muhabbati baland, romantik dunyoqarashli rassom. Garchi u yunon millatidan bo‘lsa-da, tarbiyasi, faoliyati va ijodi butunlay o‘zbek zaminiga bog‘langan. U aynan shu yurtda o‘zini rassom sifatida topdi. U mamlakatimizning turli hududlarida sayohat qilib, nomaʼlum joylar va qadimiy yodgorliklarni tasvirlagan. Uning asarlari O‘zbekiston muzeylarida hamda xorijiy shaxsiy kolleksiyalarda namoyish etilmoqda.
Rassom Salpinkidi 400 dan ortiq rangtasvir asari va mingdan ziyod grafik ishlar muallifidir. U portret, manzara, natyurmort kabi janrlarda ijod qiladi.
Rassom 40 yildan ortiq vaqt davomida o‘z bilim va tajribasini yosh avlodga bag‘ishlab kelmoqda. U Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida o‘qituvchilikdan boshlab professorlik darajasigacha yetgan. Uning ko‘plab shogirdlari nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijiy davlatlarda ham muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan taniqli rassomlardir.
Yanis Salpinkidi tasviriy sanʼat nazariyasi va tarixiga oid 20 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifidir.
Taqdimotda Badiiy akademiyaning haqiqiy aʼzolari, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasiga aʼzo rassomlar, sanʼatshunoslar, rassom shogirdlari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.