🌸 Yurtimizda “Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi!” degan ezgu shior ostida o‘tkazilayotgan umumxalq xayriya hashari mamlakatimizning barcha hududlarida yuksak ko‘tarinkilik va hamjihatlik ruhida boshlandi. Ushbu ulug‘vor tashabbus xalqimizning asrlar davomida shakllangan mehr-oqibat, o‘zaro yordam va hamkorlik an’analarining yorqin ifodasidir.
☘️ O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishiga muvofiq, “Navro‘z” umumxalq bayramini munosib kutib olish, shuningdek, muborak Ramazon oyini pokiza, fayzli va obod muhitda qarshi olish maqsadida joriy yilning 13–14 mart kunlari yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari tashkil etilmoqda.
🌱 Mazkur xayrli tashabbus doirasida O‘zbekiston Badiiy akademiyasida ham umumxalq hashari yuqori uyushqoqlik va ahillik ruhida o‘tkazildi. Badiiy akademiya raisi Akmal Nur boshchiligida jamoa a’zolari bir yoqadan bosh chiqarib, akademiya hududini yanada obod va ko‘rkam maskanga aylantirish yo‘lida fidoyilik bilan mehnat qildilar.
Hashar davomida hududdagi daraxtlarga oqlov berildi, atrof-muhit tartibga keltirildi, yashil hududlar parvarish qilindi hamda ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari izchil amalga oshirildi.
Shuningdek, akademiya xodimalari tomonidan bino ichida ham tozalik va saranjomlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Xonalarni puxta tozalash, gullarni parvarish qilish, ish joylarini ozoda va fayzli holga keltirish orqali jamoaviy mehnat muhitini yanada chiroyli va qulay qilish yo‘lida samarali ishlar olib borildi.
📌 Bunday xayrli va bunyodkor tashabbuslar nafaqat maskanlarimizning obod va ko‘rkam bo‘lishiga xizmat qiladi, balki jamoa o‘rtasidagi ahillik, hamjihatlik va o‘zaro hurmat tuyg‘ularini yanada mustahkamlaydi. Obod, pokiza va sarishta muhit esa, shubhasiz, ijodkorlik ilhomi, san’at ravnaqi va ma’naviy yuksalish uchun mustahkam zamin yaratadi.