Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
Bugungi asrga kelib tabiat sofligi eng dolzarb masalaga aylandi. Havo va suvning ifloslanishi, tuproq eroziyasi, cho‘llanish, global isish tabiiy muvozanatga va odamlar sog‘lig‘iga zarar yetkazmoqda. Yurtimizda bu oldindan anglanib, atrof-muhitni asrash choralari ko‘rilmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bundan uch yil avval boshlangan “Yashil makon” umummilliy loyihasi chinakam xalq harakatiga aylandi. Har yili bahor va kuzda daraxt ko‘chatlari ekish anʼanasi jonlandi.
Maʼlumki, “Yashil makon” loyihasida shaharlar yashillik darajasini 30 foizga yetkazish, xususan, ularning atrofida “yashil belbog‘” yaratish maqsadi belgilangan.
Davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev 23 noyabr kuni “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida barpo etilayotgan yangi boqqa ko‘chat ekish tadbirida:- Bu anʼana o‘zi bizda bor. Xalqimiz tabiatni “ona” deydi, yerni, suvni eʼzozlaydi. Buning zamiridagi haqiqat hozirgi ekologik muammolar taʼsirida yaqqol namoyon bo‘layapti. Shuning uchun “Yashil makon” loyihasini boshladik. Kelgusi yil nomini ham atrof-muhitni asrash masalasiga bag‘ishladik. Endi bu tashabbuslar keng yoyilishi, ayniqsa, yoshlarimizga chuqur singishi zarur. Har bir xonadon, har bir korxona tabiatni asrashga hissa qo‘shishi kerak, - deb taʼkidladi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi ham ushbu xayrli ishga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Jumladan, Badiiy akademiya tizimidagi taʼlim muassasalari hamda tashkilotlar mutasaddilari va xodimlari tomonidan tegishli hududlarda mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilmoqda.