close-icon

Monday - Friday, 09:00 - 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

Alisher Hamdamov (O‘zbekiston) va Almazbek Sharshekeyev (Qirg‘iziston)ning qo‘shma ko‘rgazmasi

2026-yil 21-oktabr kuni Toshkent fotosuratlar uyida o‘zbekistonlik rassom Alisher Hamdamov va qirg‘izistonlik rassom Almazbek Sharshekeyevning “1+1” nomli qo‘shma ko‘rgazmasi ochildi.

Mazkur ko‘rgazma ikki ijodkorning o‘ziga xos badiiy olami, rangtasvirga individual yondashuvi va ijodiy qarashlarini bir makonda mujassam etgan muhim madaniy voqeadir. “1+1” nomi zamirida ikki mustaqil ijodkorning o‘zaro ijodiy muloqoti, turfa badiiy qarashlarning uyg‘unligi va san’at orqali kechadigan mushtarak izlanishlar g‘oyasi mujassam. Har ikki rassom o‘zining betakror uslubi, rang va shakllar bilan ishlash mahorati hamda borliqni o‘ziga xos idrok etishi orqali tomoshabinni rangtasvirning keng va serqirra olamiga chorlaydi.
 

Alisher Hamdamov — zamonaviy o‘zbek rangtasvirining o‘ziga xos vakillaridan biri. U Pavel Benkov nomidagi Respublika rassomlik kollejini hamda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutini tamomlagan. 2010-yildan O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, 2013-yildan buyon esa pedagogiklik faoliyati bilan shug‘ullanib kelmoqda.

Rassom ijodida ranglarning ifodaviy qudrati, kompozitsion yechimlarning harakatchanligi, tasviriy va mavhum unsurlarning o‘zaro uyg‘unligi alohida ahamiyat kasb etadi. Uning asarlarida rang oddiy tasvir vositasi bo‘lib qolmay, balki kayfiyat va kechinmalarni ifodalovchi, muayyan ruhiy holatni ochib beruvchi badiiy tilga aylanadi. Yorqin kolorit, boy ranglar jilosi va obrazlar talqini orqali rassom insonning ichki dunyosi hamda atrof-muhit o‘rtasidagi nozik munosabatlarni ochib berishga intiladi.

Almazbek Sharshekeyev — taniqli qirg‘izistonlik rangtasvirchi rassom va pedagog, Qirg‘iziston Rassomlar uyushmasi a’zosi. U S. A. Chuikov nomidagi Qirg‘iz davlat badiiy bilim yurti hamda T. Sodiqov nomidagi Qirg‘iziston Milliy badiiy akademiyasida tahsil olgan. Ko‘p yillik pedagogik faoliyati davomida yosh rassomlarga o‘zining kasbiy tajribasi va ijodiy bilimlarini ulashib kelmoqda.

Sharshekeyev ijodida akademik rangtasvir an’analari zamonaviy badiiy izlanishlar bilan uyg‘unlashadi. Rang, shakl va kompozitsiya imkoniyatlaridan mahorat bilan foydalanadigan rassom borliqni o‘ziga xos hissiy va obrazli talqin etadi.

Uning asarlarida voqelikni shunchaki aks ettirish emas, balki uni ijodkor nigohi, ichki kechinmalari va estetik tafakkuri orqali qayta kashf etish tamoyili namoyon bo‘ladi. Turli badiiy loyihalar va ko‘rgazmalarda namoyish etilgan asarlari rassomning izlanishlarga boy ijodiy dunyosini aks ettiradi.

“1+1” qo‘shma ko‘rgazmasi ikki rassomning individual uslublarini qiyosiy idrok etish, ularning ijodiy mushtarakliklari va o‘ziga xos jihatlarini kashf etish imkonini beradi. Unda O‘zbekiston va Qirg‘iziston zamonaviy rangtasviriga xos badiiy qarashlar, ijodiy tajribalar va estetik izlanishlar o‘zaro muloqotga kirishadi.

Zero, san’atda ikki ijodkorning uchrashuvi — bu shunchaki ikki nigohning jamlanishi emas, balki yangi ma’no, yangi taassurot va yangi badiiy muloqotning yuzaga kelishidir. “1+1” ko‘rgazmasi ham ana shu uyg‘unlik orqali Markaziy Osiyo zamonaviy rangtasvirining rang-barangligi va ijodiy salohiyatini namoyon etadi.