Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
close-icon

Monday - Friday, 09:00 - 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

Bugun, 24-sentyabr kuni  O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Markaziy ko‘rgazmalar zalida atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligi, hayoti va ijodiga bag‘ishlangan kitoblar, tasviriy sanʼat asarlari va xalq amaliy sanʼati namunalari ko‘rgazmasi ochildi.

Har bir xalqning o‘z suygan, ardoqlagan shoiri bo‘ladi. Zamonlar o‘tgan sari shoirning ijodi, shaxsi asta-sekin xalq hayotiga kirib, uning tafakkuriga singib boradi  va xalq qalbidan abadiy joy oladi.

Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li qoraqalpoq xalqining ana shunday vatanparvar shoiri edi.

Shu yilning 16 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.Bu respublikamiz madaniy va adabiy hayotida katta voqelik bo‘ldi.Chuqur bilim,ilm, yuksak madaniyat sohibi, nozik his-tuyg‘u egasi bo‘lgan Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li Sharq sheʼriyati anʼanalarini o‘rganish asosida qoraqalpoq sheʼriyatini badiiy-estetik jihatdan boyitgan, misralarga rang-barang badiiy shakl bag‘ishlagan, qoraqalpoq yozma adabiyotini yangi bosqichga ko‘targan serqirra isteʼdod egasidir. Uning asarlari XIX asr qoraqalpoq sheʼriyatining gultoji hisoblanadi.

Xivadagi mashhur Sherg‘ozixon va Qutlimurod inoq madrasalarida  bu ulug‘ siymo nafaqat mamlakatimizda, balki butun mintaqamizda xalqchil shoir, yetuk muallim va ustoz, mohir xattot sifatida shuhrat qozongani ayniqsa eʼtiborga molikdir.

Ko‘rgazmaning tantanali ochilish marosimida O‘zbekistoton badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining qo‘mita raisi Tajibay Romanov, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi raisi Ulbosin Utegenova, Qoraqalpoq davlat universiteti professori Perdebay Nurjanov, Qoraqalpog‘iston xalq rassomi, Berdaq nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Barliqbay Aytmuratov so‘zga chiqdi. 

Notiqlar Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda ulug‘ bobolarimiz xotirasini abadiylashtirish, ular merosini asrab-avaylash, kelgusi avlodlarga yetkazishga katta eʼtibor qaratilayotgani, Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini nishonlash YUNESKOning xalqaro yubileylar rejasiga kiritilgani ham uning ijodiy merosi umumbashariy ahamiyatga ega ekanligidan dalolat berishini, uning go‘zal asarlari turkman, qozoq, qirg‘iz va boshqa qardosh xalqlar tomonidan ham sevib o‘qilishini, mazkur ko‘rgazma bu mutafakkirning betakror adabiy merosini yana-da keng o‘rganish va ommalashtirishga xizmat qilishini taʼkidlab o‘tdilar.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, “Do‘stlik” ordeni sohibi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi opera va baxshichilik sanʼatiga ixtisoslashtirilgan maktab-internat direktori Daribay Xojabergenov – Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li obrazida Ajiniyoz operasidan ariya va sheʼrlaridan parcha ijro qildi.

Nukus ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabi katta o‘qituvchisi, taniqli baxshi Maxset Ayekeyev “Ellarim bordur” va “Buzatau” nomli qoraqalpoq xalq nomasini kuyladi.