Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
7-may kuni Toshkent fotosuratlar uyida Gʼurumsaroy kulolchilik maktabining davomchisi, taniqli kulol Vahobjon Buvayevning “Аnʼanalarni davom ettirib” nomli shaxsiy koʼrgazmasi ochildi.
Koʼrgazmada ustaning 300 ga yaqin kulolchilik sanʼati namunalari taqdim etildi.
Vahobjon Buvaev bugugi kunda Gʼurumsaroy anʼanaviy kulolchiligi bilan shugʼullanayotgan kam sonli ustalardan biridir.
Usta gʼurumsaroylik mashhur kulol, kulollar sulolasi vakili Maqsudali Turobovning tanlangan, haqiqiy shogirdi sifatida gʼurumsaroy kulolchilik maktabi anʼanalarini davom ettirib kelmoqda.
Koʼrgazmada ijodkorning rang-barang kompozitsiyalar ishlangan turli-tuman kulolchilik namunalari: lagan, shokosa, kosa, koʼza, guldon, qoʼshquloqli koʼza, piyola, togʼora, likobcha, qaymoqdon, qanddon, surmadon, shamdon singari kundalik turmushda ishlatiladigan idishlar bilan birgalikda, turli koʼrinish va obrazlardagi hushtaklar, ajdar hushtak kabi ijodiy ishlari tomashabin eʼtiboriga taqdim etildi.
Usta Gʻurumsaroy anʼanaviy kulolchiligini davom ettirish bilan birga tinimsiz izlanishlar olib borib buyumlar kompozitsiyalarini mukammallashtirib kelmoqda. Ulardan “larzana” aynan, gʼurumsaroy kulolchiligi ramzidir. Shuninigdek “obdasta”, “chorbarg”, “gajjak”, “boʼtakoʼz”, “magʼiz” mavzulari ham gʼurumsaroy vodiysi kulolchiligiga xosdir. Ushbu anʼanaviy maktabning yana bir oʼziga xos jihati yirik gullik kompozitsiyalarning mavjudligidadir.