Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
Bugun, 22-avgust kuni Toshkent fotosuratlar uyida, O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan “Eng ulug‘, eng aziz” an’anaviy ko‘rik-tanlovining tasviriy san’at, foto va dizayn yo‘nalishlari bo‘yicha Respublika bosqichi doirasidagi ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 10-iyuldagi PQ–222-sonli qarori ijrosini ta’minlash hamda yurtimizda Mustaqillik bayramini keng nishonlashga bag‘ishlangan muhim madaniy-ma’naviy voqealardan biri sifatida o‘tkazildi.
Ko‘rik-tanlovda 40 nafar muallif 410 dan ortiq asar bilan ishtirok etdi. Hay’at a’zolari tomonidan har bir asar chuqur o‘rganilib, eng sara ishlardan ko‘rgazma tashkil etildi. Ko‘rgazma ekspozitsiyasida tasviriy san’at, fotografiya va dizayn yo‘nalishida yaratilgan asarlar namoyish qilinib, unda istiqlolning mazmun-mohiyati, milliy qadriyatlarimiz, xalqimizning bunyodkorlik va mehnatsevarlik ruhi yuksak badiiy saviyada ifoda etildi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur o‘z nutqida shunday ta’kidladi:
“Mustaqillik – xalqimizning eng ulug‘ qadriyati, milliy o‘zligini anglash va kelajakka ishonch bilan qarash manbai. Har bir ijodkor o‘z asari orqali istiqlolni, Vatanga bo‘lgan muhabbatni, milliy g‘urur va qadriyatlarni badiiy talqin etmoqda. Bu – san’at orqali mustaqillikni ulug‘lashning yorqin ifodasidir.”
Ko‘rgazma O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Kinematografiya agentligi, “Tasviriy oyna” ijodiy uyushmasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamkorligida o‘tkazildi.
Mustaqillik xalqimizga yangilanish, taraqqiyot va bunyodkorlik yo‘lini ochib berdi. Bugun “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi asosida amalga oshirilayotgan islohotlar, fuqarolik jamiyatining mustahkamlanishi, xalqimizning ma’naviy yuksalishi istiqlol tufayli ro‘yobga chiqmoqda.
“Eng ulug‘, eng aziz” tanlovi ijodkorlarimizning yuksak mahorati, yangicha badiiy izlanishlari va Mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlarni badiiy tilda ifoda etishga xizmat qilmoqda.