Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
Navbatdagi manzil — Farg‘ona viloyati bo‘ldi.
🗓 2025-yil 24-iyul kuni Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozarov O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nurni qabul qildi. Uchrashuv doirasida viloyatda tasviriy va amaliy san’at sohasini rivojlantirishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” imzolandi.
“Farg‘ona – yurtimiz san’at maktabida o‘ziga xos iz qoldirgan, rassomlar va ustalarning ijodiy an’anasi chuqur bo‘lgan muhim hudud. Bugun bu maskan zamonaviy san’at yondashuvlari, yoshlar salohiyati bilan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Prezidentimizning PQ–212 qarori esa bu yo‘ldagi keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda”, — dedi Badiiy akademiya raisi Akmal Nur.
✅ “Yosh ijodkorlar” ko‘rik-tanlovini tashkil etish – har yili viloyat miqyosida tasviriy va amaliy san’at, dizayn yo‘nalishlarida iqtidorli yoshlarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash.
✅ Farg‘ona bo‘limi a’zolari va yosh ijodkorlarni ommaga tanitish – ularning asarlari mazmun-mohiyatini yorituvchi barqaror targ‘ibot tizimini joriy etish.
✅ “Farg‘ona manzaralari” ko‘rgazmasi – Badiiy akademiyaning Markaziy ko‘rgazmalar zalida farg‘onalik rassomlar asarlaridan iborat maxsus ko‘rgazma tashkil etish.
✅ San’at asarlarini realizatsiya qilish bo‘yicha auksion va aksiyalar – mahalliy ijod mahsulotlarini ichki bozor va kolleksionerlar e’tiboriga havola etish.
✅ Murallar (devoriy rasm) loyihalari – viloyatda qad rostlayotgan ko‘p qavatli uylarning devorlariga san’atkorlar ishtirokida ijodiy ishlanmalarni tatbiq etish.
✅ Xalqaro hamkorlikni kengaytirish – Farg‘ona rassom va ustalarining asarlarini xorijiy maydonlarda targ‘ib qilish, xalqaro loyihalarda ishtirokini ta’minlash.
Uchrashuv doirasida, shuningdek, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limiga a’zo san’atkorlar bilan fikr almashildi. Mahalliy rassom va ustalar tomonidan viloyatda olib borilayotgan yaratuvchanlik va bunyodkorlik ishlarini tasvirlash, san’at tarixida o‘z o‘rniga ega atoqli ijodkorlar nomini abadiylashtirish yuzasidan muhim takliflar ilgari surildi.
📍 Mazkur tashrif va hamkorliklar PQ–212-son qarorining amaliy natijasidir. Farg‘onada boshlangan yangi bosqich – viloyat san’ati, yoshlar ijodi va milliy meros uyg‘unligini mustahkamlashga xizmat qiladi.