Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
close-icon

Monday - Friday, 09:00 - 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

Mamlakatimizda isteʼdodli yoshlar, iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash, ular erishayotgan yutuqlarni rag‘batlantirish va munosib taqdirlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Buning uchun alohida davlat stipendiyalari tayinlanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 21-apreldagi “Tasviriy va amaliy sanʼat sohasi samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida, oliy taʼlim muassasalarida tasviriy va amaliy sanʼat hamda dizayn yo‘nalishida taʼlim olayotgan iqtidorli va ijodkor talabalarni moddiy va maʼnaviy munosib qo‘llab-quvvatlash maqsadida Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasini taʼsis etish vazifasi belgilangandi.

Bu borada Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 6-noyabrdagi 691-son qarori qabul qilindi.

Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasi – respublika davlat oliy taʼlim muassasalarining dastgohli rangtasvir, rangtasvir (turlari bo‘yicha), grafika va miniatyura, haykaltaroshlik (turlari bo‘yicha), amaliy sanʼat (turlari bo‘yicha), dizayn (turlari bo‘yicha), sanʼatshunoslik va muzeyshunoslik (turlari bo‘yicha) yo‘nalishlarining oxirgi ikki kursida taʼlim olayotgan bakalavriat bosqichi talabalariga tayinlanadi.

  • Stipendiya tayinlashda quyidagi mezonlar inobatga olinadi:

    • Viloyat, respublika va xalqaro miqyosdagi shaxsiy ko‘rgazmalarni tashkil etganlik;

    • Soha bo‘yicha xalqaro va respublika darajasidagi ko‘rgazma, biyennale, festival, simpozium, tanlov va boshqa nufuzli tadbirlardagi ishtiroki va erishgan natijalari;

    • O‘quv jarayonida mutaxassislik fanlarini aʼlo baholarga o‘zlashtirganlik;

    • O‘zbek milliy sanʼatini targ‘ib qilishga qo‘shgan hissasi.

  • Joriy 2025-yilda beshinchi bor Badiiy akademiya tomonidan oliy taʼlim muassasalarining iqtidorli va ijodkor talabalari uchun mazkur davlat stipendiyasiga tanlov o‘tkazildi.

  • Badiiy akademiya tomonidan tuzilgan Ekspert guruhining qaroriga asosan, 7 nafar iqtidorli ijodkor talaba tegishli taʼlim yo‘nalishlari bo‘yicha Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasini qo‘lga kiritdi.

  • Bugun, 7-avgust kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasi "Anjumanlar zali"da Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasi g‘oliblariga guvohnomalarni tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

  • Tadbirni O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, O‘zbekiston xalq rassomi Akmal Nuridinov ochib berdi. U barcha g‘oliblarni samimiy tabrikladi va ularga yorqin ijodiy yutuqlar tiladi. Yosh iste’dodlarni erta aniqlash va ularning ijodiy salohiyatini xalqaro maydonda tan olinadigan darajaga yetkazish Badiiy akademiyaning ustuvor vazifasi ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, Badiiy akademiya nafaqat san’at va ta’lim muassasasi, balki milliy estetik didni shakllantiruvchi muassasa sifatida faoliyat yuritishini alohida qayd etdi. 


  • Shundan so‘ng, davlat stipendiyasi sohiblariga guvohnomalar Badiiy akademiya raisi tomonidan tantanali ravishda topshirildi.

  • Stipendiya sohiblari o‘z nutqlarida ushbu yutuq ularning ijodiy faoliyatida muhim ahamiyat kasb etishini, ustozlari, ta’lim muassasalari va Badiiy akademiya tomonidan yaratilgan shart-sharoitlar ularga ishonch, kuch va ilhom berganini ta’kidlashdi. Kelajakda bu ishonchni oqlash va san’at sohasida yangi marralarni zabt etish uchun izlanishda davom etish niyatida ekanliklarini bildirishdi.

  • Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasi – bu ijodkor yoshlar mehnatiga berilgan munosib baho, ularning san’at yo‘lidagi izlanishlarini rag‘batlantirishga qaratilgan muhim qadamlardan biridir. Ushbu tashabbus nafaqat individual yutuqlarni e’tirof etish, balki O‘zbekiston san’atining ertangi taraqqiyoti uchun salohiyatli avlodni yetishtirish yo‘lidagi uzviy strategiyaning amaliy ifodasidir.


2025-yilda Kamoliddin Behzod nomidagi Davlat stipendiyasini qo‘lga kiritgan talabalar: 🏆

  • Boqiyeva Tahmina Bunyodovna – Guliston davlat universiteti, 2-kurs talabasi, Dastgohli rangtasvir

  • No‘monova Azizaxon Nozimjon qizi – Andijon davlat pedagogika instituti, 2-kurs talabasi, Rangtasvir (turlari bo‘yicha)

  • Uzakbaeva Biybinaz Bayram qizi – Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti, 3-kurs talabasi, Grafika va miniatyura

  • Saidmurodov Ilhomjon Safar o‘g‘li – Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, 3-kurs talabasi, Haykaltaroshlik (turlari bo‘yicha)

  • Naurizbaeva Rayxan Kayirbay qizi – Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti, 3-kurs talabasi, Amaliy san’at (turlari bo‘yicha)

  • Qodirov Suxrobjon Shuxrat o‘g‘li – Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, 3-kurs talabasi, Dizayn (turlari bo‘yicha)

  • Akbarova Rayxona Jamoliddin qizi – Andijon davlat pedagogika instituti, 2-kurs talabasi, San’atshunoslik va muzeyshunoslik (turlari bo‘yicha)