Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
Bugun, 8-avgust kuni Markaziy ko‘rgazmalar zalida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, taniqli andijonlik rangtasvirchi rassom Rustam Urazovning “Ona yurtim Jalaquduq tarovati” nomli oilaviy ko‘rgazmasi ochildi.
Ko‘rgazma rassomning yarim asrlik ijodiy faoliyati, ruhiy-estetik qarashlari, tasviriy ifoda poetikasi va oilaviy an’analarni davom ettirishga bo‘lgan sadoqatini o‘zida jamlagan muhim badiiy hodisa sifatida e’tiborni tortadi.
Rustam Urazov 1954-yilda Andijon viloyati Jalaquduq tumani Qatortol qishlog‘ida tug‘ilgan. Tasviriy san’atga bo‘lgan ilk muhabbat maktab yillarida boshlangan bo‘lib, shu qishloqdagi 22-umumta’lim maktabida, Asaka pedagogika bilim yurtidagi rasm-chizmachilik guruhida, so'ngra Toshkentdagi teatr va rassomchilik institutining dastgohli rangtasvir bo‘limida Mannon Saidov, Nikolay Shin kabi mashhur rassomlar ustozligida shakllandi. Uning 1981-yilda tayyorlagan “Suvchi” nomli diplom ishi Boku shahrida o‘tkazilgan Butunittifoq bitiruvchilar ko‘rgazmasida e’tirof etildi.
Urazov ijodida manzara tasviri yetakchi mavzulardan biri bo‘lib, Jalaquduqning serhosil adirlari, Farg‘ona vodiysi bo‘ylab cho‘zilgan dalalar, Andijonning go‘zal tabiat manzaralari rang-barang, betakror uslubda mujassam etilgan. Asarlarida akademik realizm yo‘nalishiga xos aniqlik va badiiy umumlashtirish uyg‘unlashgan. Har bir kompozitsiyada tabiat va inson uyg‘unligi, muqaddas zaminning hissiy manzaralari aks etadi.
“Shohimardon”, “Gullar ifori”, “Mevalar”, “Andijon manzaralari”, “Dikkatga sazovor joylar” kabi turkumlar orqali musavvir milliy qadriyatlarni, xalqona ruhiyatni va mehrga to‘la hayot manzaralarini badiiy obrazga aylantiradi.
“Qamchiq dovoni” turkumi asarlari esa rassom ijodining yangi bosqichini belgilaydi — unda realizm nafaqat manzarachilik ruhiyati, balki zamonaviy O‘zbekistonning taraqqiyot, qurilish va yangilanish jarayonlari tasviri bilan boyitiladi. Bu asarlar vaqt va makon oralig‘ida san’at orqali tarixiy hujjat vazifasini o‘taydi.
Rassom portret va tarixiy mavzularda ham samarali faoliyat olib borib, “Bobur” (1983), “Oraziy” (1988), “Amir Temur safarda”, “Bobur Dahkatda”, “Amir Temur hunarmandlar orasida” kabi asarlarida milliy tarix, ajdodlar jasorati va ulkan badiiy generalizatsiya bilan yondashgan. Ushbu asarlar san’at orqali tarixni anglash, estetik va ma’naviy xotirani jonlantirishga xizmat qiladi.
Rassom hozirda ijodni pedagogik faoliyat bilan uyg‘unlashtirib, Jalaquduq tumanidagi 13-musiqa va san’at maktabida tasviriy san’atdan yosh avlodga saboq bermoqda. Ustozlik an’anasi oila davomiyligida ham yaqqol namoyon: o‘g‘li Azizbek Urazov musavvirlik faoliyatini davom ettirayotgan bo‘lsa, nabirasi Boburmirzo san’at oliygohida tahsil olmoqda. Mazkur oilaviy ko‘rgazma esa Rustam Urazov boshlab bergan ijodiy maktab va badiiy merosning avloddan-avlodga uzluksiz o‘tishini aks ettiradi.
"Ona yurtim Jalaquduq tarovati” — bu nafaqat bir rassomning ko‘rgazmasi, balki Vatanga muhabbat, oilaviy san’at an’anasi va ustoz-shogirdlik izchilligini o‘zida mujassam etgan badiiy maktab namunasidir, hamda o‘z asarlari, shogirdlari va avlodlari orqali tasviriy san’atimiz rivojiga barakali hissa qo‘shayotgan ijodkorning ijodiy yo‘li, badiiy tafakkuri va estetik qarashlarining uzviy aksidir.