Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
2025-yil 23-iyun kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasiga Xitoy delegatsiyasi tashrif buyurdi. Delegatsiyaga Guanchjou shahri tashqi savdoni rivojlantirish qo‘mitasi raisi Chen Simin boshchilik qildi. Shunigdek, xitoylik mashhur zamonaviy haykaltarosh, 14-chaqiriq Xitoy xalq siyosiy maslahat kengashi Milliy qo‘mitasi a’zosi hamda Guanchjou haykaltaroshlik akademiyasi prezidenti Syu Xunfey ham bor edi.
Mazkur tashrif 2026-yilda O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Ipak yo‘li ohanglari” xalqaro ko‘rgazmasiga tayyorgarlik doirasida amalga oshirildi.
Mehmonlarni O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur qabul qildi. Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash, qo‘shma badiiy loyihalarni amalga oshirish, hamda bo‘lajak ko‘rgazmaning tashkiloti va konsepsiyasi muhokama qilindi. Tomonlar xalqlar o‘rtasida san’at orqali, xususan, quvonch, uyg‘unlik va do‘stlikni aks ettiruvchi haykaltaroshlik tili vositasida o‘zaro tushunishni rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratishdi.
Syu Xunfey Toshkentdagi ekspozitsiya uchun O‘zbekiston madaniy merosidan ilhomlangan yangi haykal yaratish g‘oyasi bilan o‘rtoqlashdi. Delegatsiya vakillari Akademiyaning tarixi va faoliyati bilan tanishib, ijodiy rezidensiyalar va malaka oshirish dasturlariga qiziqish bildirishdi.
“Ipak yo‘li ohanglari” ko‘rgazmasi O‘zbekiston madaniy hayotida muhim voqea bo‘lishi, xalqaro badiiy muloqotni rivojlantirish hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Asya Tuychiyeva,
O‘zbekiston Badiiyot akademiyasi
Xalqaro aloqalarni rivojlantirish bo'limi boshlig'i