Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
close-icon

Monday - Friday, 09:00 - 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi o‘rinbosari F. Tashmuxamedov boshchiligidagi Badiiy akademiya delegatsiyasi shu kunlarda Italiyaning “Progetto Angeli” A.P.S. xalqaro madaniyat uyushmasi taklifiga binoan ushbu davlatda xizmat safarida bo‘lib turibdi.

Mazkur tashrifning asosiy maqsadi – O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida amaliy san’at va kulolchilik yo‘nalishlarida madaniy aloqalarni mustahkamlash va yanada rivojlantirish, ikki xalq ustalari o‘rtasida badiiy tajriba almashuvini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, Italiya jamoatchiligi oldida O‘zbekistonning tasviriy san’ati, madaniy merosi va milliy imijini keng targ‘ib etishdan iboratdir.

Amalga oshirilgan uchrashuvlar

Safar doirasida delegatsiya Urbino shahrida bo‘lib, bir qator nufuzli ilmiy-madaniy maskanlarga tashrif buyurdi:

  • Albani badiiy galereyasi – Italiya san’atining qadimiy durdonalari saqlanadigan muhim madaniy maskan;

  • Karlo Bo nomidagi Urbino universiteti – mamlakatning yirik ilmiy-ma’rifiy o‘chog‘i;

  • universitet tarkibidagi Konservatsiyalash va restavratsiya maktabi – san’at asarlarini asrash va tiklash bo‘yicha dunyoga mashhur ta’lim markazi.

Delegatsiya a’zolari mazkur maskanlar faoliyati bilan tanishib, o‘zaro hamkorlik istiqbollari yuzasidan suhbatlar olib bordilar.

Uchrashuvlarda tomonlar:

  • madaniy merosni saqlash va restavratsiya bo‘yicha tajriba almashish,

  • ustalar o‘rtasida qo‘shma amaliy seminar va ko‘rgazmalar tashkil etish,

  • O‘zbekiston san’atini Italiya auditoriyasiga, Italiya badiiy tajribasini esa O‘zbekistonga olib kirish kabi masalalarda kelishuvlarga erishdilar.

Bunday tashriflar ikki xalq o‘rtasida do‘stona madaniy aloqalarni yanada boyitib, san’atkorlar va ijodkorlar uchun yangi imkoniyatlar ochib bermoqda.


O‘zbekiston Badiiy akademiyasi delegatsiyasining Italiyaga tashrifi nafaqat amaliy san’at va kulolchilik sohalarida balki, keng ma’noda ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy diplomatiya rivojida ham muhim qadam bo‘ldi.

Mazkur safar — san’at vositasida xalqlarni yaqinlashtirish, milliy qadriyatlarni dunyo jamoatchiligi e’tiboriga taqdim etish hamda O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi madaniy nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.