Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
close-icon

Monday - Friday, 09:00 - 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

9-may - Xotira va Qadrlash kuni hamda Ikkinchi Jahon urushida qozonilgan G'alabaning 80 yilligi munosabati bilan bugun Markaziy ko'rgazmalar zalida "O‘zbekiston rassomlari ijodida urush mavzusi" nomli retrospektiv badiiy-hujjatli ko‘rgazma o'z ishini boshladi.

Ta'kidlash kerakki, 2-Jahon urushi davrida 4 yil mobaynida Toshkentning o‘zida gospital, korxona, klublar va harbiy qismlarni hisobga olmaganda 25 badiiy ko‘rgazmalar ochilgan. Ushbu ko‘rgazmalarda Ural Tansikbayev, P.Benьkov, Z.Kovalevskaya, V.Ufimtsev, L.Abdullayev, A.Volkov, O.Tatevosyan, A.Abdullayev, B.Jukov, V.Rojdestvenskiy, N.Kashina, M.Arinin, M.Nabiyev, N.Karaxan,  I.Ujinskiy, K.Cheprakov va boshqalar faol ishtirok etganlar, moskvalik, leningradlik, kiyevlik va o‘zbek rassomlarining hamkorlikdagi ko‘rgazmalari o‘tkazilgan.

Bugun ochilgan ko‘rgazmada Ikkinchi Jahon urushi yillarida O‘zbekistonning muhim ahamiyatini namoyon qiluvchi, muzey to‘plamlari va Respublika arxividan olingan badiiy-hujjatli materiallar, qatnashchilar va ularning oila a’zolari shaxsiy to‘plamidan joy olgan 300 dan ortiq eksponatlar o‘rin oldi. Bular Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi fondidan olingan urush va urushdan keyingi rassomlarning rangtasvir, grafika, plakat va haykaltaroshlik asarlaridir.

Ular orasida frontchi - rassomlar, rangtasvirchilar – sobiq sovet ittifoqi qahramoni Samig‘ Abdullayev, V.Goryainov, Viktor Yevenko, Mixail Yesin, Zokir Inog‘omov, Ivan Kochetov – Berlin qamali qatnashchisi, Vasiliy Lisov, Rafael Matevosyan, Vladimir Petrov – Stalingrad uchun jang qilgan, Anatoliy Stimban, Rostislav Suchkov, Georgiy Tkachev, Xikmat Raxmonov, Ilya Rubin va boshqa mashhur mo‘yqalam ustalari asarlarida urush yillari voqealari va qahramonlarini ifodalaganlar. 

Tomoshabinlar Vladimir Petrovning “Stalingrad kundaligi”, Vladimir Rojdestvenskiy, Igor Ujinskiy, Boris Jukov, Georgiy Karlovlarning urush yillaridagi bevosita taassurotlaridan yaratilgan noyob grafik ishlari; Anvar Balkanov va Nikolay Sherstnyovlarning urushdan keyingi plakatlari, shuningdek urush yillarida “O‘zTAG Oynasi”  badiiy ustaxonalarda ishlagan Nadejda Kashina, Konstantin Cheprakov, Vladimir Rojdestvenskiy va boshqa ustalarning qayta tiklangan nodir plakatlarni bizga moskvalik galereyachi hamkasblarimiz taqdim qildilar. 

Ushbu ko‘rgazmada urushdan keyin ijod qilgan ko‘plab rassomlar, bizning zamondoshlarimiz L.Abdullayev, G.Abduraxmonov, R.Axmedov, R.Choriyev, Yu.Guseynov, V.Jdanov, D.Imamov, Yu.Strelьnikov, A.Perov, L.Reznikov, S.Raxmetov, A.Ikromjonov, A.Mirzayev, M.Toxtayev, Y.Tursunnazarov, A.Mamadjanov, M.Sadikov, A.Boymatov, A.Raxmatullayev, A.Shaymurodov va boshqalarni ko‘rish mumkin. Badiiy materiallarga urush yillari fotoxronikasi va o‘sha davrga xos bo‘lgan musiqa hamrohlik qiladi.

Ko‘rgazma tashkilotchilari O‘zbekistonning yangi avlod vakillarini urush davri real voqeliklari bilan tanishtirgan holda, urush qiyinchiliklarini o‘z yelkalarida mardonavor ko‘targan, fashizm ustidan g‘alaba qozongan va insonlar ozodligi uchun jon fido qilgan o‘zbek harbiylari va mehnatkashlari xotirasiga hurmat bajo keltiradi.