Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
Bugun, 15-avgust kuni Toshkent fotosuratlar uyida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining Farg‘ona viloyat bo‘limi, “Farg‘ona haqiqati” – “Ferganskaya pravda” gazetalari tahririyati hamda Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Elchixonasi hamkorligida “O‘zbekiston – Xitoy: Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasida hamkorlik” mavzusidagi fototanlov yakuniga bag‘ishlangan ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Yurtboshimizning oqilona siyosati va ochiqlik tamoyillari natijasida O‘zbekiston jahon hamjamiyati bilan keng qamrovli hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Shu jarayonda Xitoy Xalq Respublikasi bilan o‘rnatilgan strategik sheriklik aloqalari alohida ahamiyat kasb etib, ikki davlat o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy sohalarda yuksak darajada o‘zaro ishonch va manfaatli hamkorlik shakllandi.
Xususan, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasida O‘zbekiston va Xitoyning hamkorlikdagi faoliyati yangi bosqichga ko‘tarilib, mintaqaviy barqarorlik, iqtisodiy taraqqiyot va xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Ushbu jarayonlarda jurnalistlar va fotomuxbirlar faol ishtirok etib, hamkorlikning eng yorqin lahzalarini tarix sahifalariga muhrlab kelmoqdalar.
Ko‘rgazma ikki davlat o‘rtasida amalga oshirilayotgan ulkan loyihalar va kelajakka yo‘naltirilgan strategik tashabbuslarni badiiy va hujjatli tasvirlarda aks ettirishga qaratilgan. Mamlakatning 27 nafar fotoijodkori tomonidan taqdim etilgan 500 dan ortiq surat ichidan hay’at tomonidan tanlab olingan 94 ta eng sara asar ekspozitsiyaga joylashtirildi.
Namoyish etilgan suratlarda yirik sanoat va infratuzilma loyihalari, qishloq xo‘jaligi, ilm-fan, san’at, sport va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda O‘zbekiston–Xitoy hamkorligining so‘nggi o‘n yildagi yutuqlari o‘z ifodasini topgan.
adbir yakunida fototanlov g‘oliblari va sovrindorlari e’lon qilinib, ularga esdalik sovg‘alari va faxriy yorliqlar tantanali tarzda topshirildi.
Ko‘rgazma 22-avgust kunigacha davom etadi. Shuningdek, ekspozitsiya mamlakat viloyatlarida va oliy ta’lim muassasalarida ham keng jamoatchilikka taqdim etilishi rejalashtirilgan.