Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
Bugun, 4-iyul kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasining “Anjumanlar zali”da 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan san’at sohasi va Badiiy akademiya faoliyatini izchil yoritib kelayotgan jurnalistlar va OAV vakillarini e’tirof etishga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Badiiy akademiyasining rahbariyati, rahbar va mutaxassis xodimlari, tizim tashkilotlar rahbarlari hamda faol axborot hamkorlik olib borayotgan ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur jurnalistlar faoliyatini alohida e’tirof etib, bugungi kunda OAV nafaqat axborot tarqatuvchi, balki jamiyatda fikr va qadriyatlarni shakllantiruvchi asosiy vosita ekanini ta’kidladi. Jurnalistlar san’atni yoritish orqali xalqimizga ma’naviyat, estetik tafakkur va badiiy ong tarqatayotganiligi hamda ularning san’atni anglash, talqin qilish va ommaga yetkazishdagi mas’uliyatli o‘rnini alohida qayd etdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 1-iyuldagi “Tasviriy va amaliy san’at sohasini yana-da rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–212-sonli qarori doirasidagi chora-tadbirlar, jumladan san’at infratuzilmasini rivojlantirish, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, badiiy ta’lim tizimini zamonaviylashtirish borasidagi rejalar hamda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan asosiy ishlar va ustuvor yo‘nalishlar tog‘risida OAV vakillariga axborot berildi.
Shundan so'ng, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur tomonidan OAV vakillariga Badiiy akademiya faoliyati va san’atni yoritish, keng jamoatchilikka yetkazish borasidagi beminat va fidokorona mehnatlari uchun samimiy ruhda sovg‘alar topshirildi.
Uchrashuv so‘ngida, Badiiy akademiya va OAV o‘rtasidagi axborot hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish, tahliliy materiallar, ko'rsatuvlar va media loyihalar hamda badiiy faoliyatni ommalashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Uchrashuv real muloqot va yangi tashabbuslarni shakllantirish uchun samarali maydon vazifasini bajardi.