Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
Qirg‘izistonda o‘tkazilgan xalqaro ijodiy laboratoriyada O‘zbekistonlik yosh rassomlar ishtirok etmoqda
O‘zbekiston Badiiyot akademiyasi yosh iste’dodlarni xalqaro maydonga faol olib chiqishda davom etmoqda. 2025-yilning iyun oyida O‘zbekiston Badiiyot akademiyasining to‘rt nafar stajyor-tadqiqotchisi Qirg‘iziston Respublikasining O‘sh viloyatida o‘tkazilayotgan yirik xalqaro ijodiy laboratoriya — “Sharqning zamonaviy palitrasi” loyihasida ishtirok etmoqda.
Mazkur tadbir ART-ARAVA jamoat fondi tomonidan, Qirg‘iziston Madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vazirligi hamda MDH mamlakatlari xalqaro gumanitar hamkorligi ko‘magida tashkil etilgan. Laboratoriya 2011-yildan beri MDHga a’zo mamlakatlarning yosh rassomlari va san’at oliygohlari o‘qituvchilarini birlashtirib kelayotgan “Art-Eco” madaniy loyihasining bir qismidir.
Loyihaning asosiy maqsadi — yosh ijodkorlarga o‘zaro tajriba almashish va ijodiy o‘sish uchun platforma yaratish, shuningdek, san’at orqali mustahkam madaniyatlararo aloqalarni rivojlantirishdir. Laboratoriya doirasida ishtirokchilar ochiq osmon ostida rassomlik mashg‘ulotlari (plener), mahorat darslari, oliy o‘quv yurtlari taqdimotlarida qatnashadi hamda yaratilgan asarlar yakuniy ko‘rgazmada namoyish etiladi.
O‘zbekiston nomidan bu yil quyidagi Badiiy akademiyasi stajyor-tadqiqotchilari loyihada ishtirok etmoqda:
Umid Alimov
Mirvoxid Mirsaidov
Javohir Niyozov
Jahongir Abdullayev
Ushbu yosh rassom-tadqiqotchilar xalqaro muhitda rivojlanishga, shuningdek, madaniyatlararo muloqot orqali o‘z san’at tilini izlashga intilayotgan yangi avlod vakillaridir.
Laboratoriya doirasida ishtirokchilar Qirg‘izistonning O‘sh viloyati tabiati va madaniy merosi bilan yaqindan tanishadilar. Ular ochiq havoda ishlash jarayonida mahalliy rang-baranglik va an’analardan ilhomlanadilar. Eng yaxshi asarlar Gapar Aytiev nomidagi Qirg‘iziston Milliy tasviriy san’at muzeyi hamda O‘sh viloyatining tarixiy o‘lkashunoslik muzeyi fondlariga topshiriladi.
Shunday qilib, O‘zbekiston Badiiyot akademiyasi stajyorlarining “Sharqning zamonaviy palitrasi” loyihasida ishtiroki nafaqat ularning yuqori tayyorgarlik darajasini tasdiqlaydi, balki ularning professional va madaniy rivojlanishida yangi ufqlarni ochadi.
Asya Tuychiyeva,
Xalqaro aloqalarni rivojlantirish bо‘limi boshlig‘i