Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
Bugun, 18-avgust kuni Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida eronlik miniatyurachi rassom, illyuminator va xattot, Eron kitobat san’ati instituti rahbari (Tehron) Hasan Mohammadiyning shaxsiy ko‘rgazmasi tantanali ravishda ochildi.
Hasan Mohammadiy 1983-yil 27-noyabrda Eronning Xefshajan shahrida tug‘ilgan. U 2005–2009-yillarda Tehron Fan va madaniyat universitetida tasviriy san’at yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olgan, 2009–2011-yillarda esa Sureh universitetida xattotlik va kitobat san’ati bo‘yicha magistratura bosqichini yakunlagan.
Ijodkor Eron xattotlar uyushmasining imtiyozli diplomi bilan taqdirlangan. 2015-yildan buyon Eron kitobat san’ati institutiga rahbarlik qilib kelmoqda. Institut xattotlik, miniatyura, illyuminatsiya, muqovalash, “gul-u-murg‘” (gullar va qushlar) hamda tash’ir texnikalarini qayta tiklash, shuningdek, ilmiy-tadqiqot va nashriyot faoliyatini rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.
Ko‘rgazmada rassom tomonidan “Bahori Mavlono” muraqqa-albomi uchun yaratilgan 22 ta illyuminatsiya (bezak) hamda uning o‘zi va shogirdlari tomonidan ishlangan 7 ta mustaqil asar va bir nechta albom-muraqqalar namoyish etildi.
“Bahori Mavlono”dagi asarlar Safaviylar davri oxiriga xos “gul-u-murg‘” uslubida yaratilgan bo‘lib, tabiat uyg‘onishi va Rumiyning bahoriy she’riyati ruhidan ilhomlangan. Yorqin ranglar, nozik chiziqlar va nafis ishlanish asarlarning badiiy qadrini oshirdi.
Ko‘rgazmaning ochilish marosimi doirasida Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyi va Eron kitobat san’ati instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur hujjat ikki mamlakat o‘rtasida madaniy hamkorlikni mustahkamlash, kitobat san’ati bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, xalqaro konferensiyalar o‘tkazish, ilmiy-tadqiqot va nashriyot faoliyatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.