Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
Bugun, 22-avgust kuni Markaziy ko‘rgazmalar zalida 2025-yil — “Atrof-muhitni asrash va "yashil" iqtisodiyot yili” hamda O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 34 yilligiga bag‘ishlab “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” Respublika badiiy ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Vatanimiz Mustaqilligining 34 yillik bayrami arafasida tashkil etilgan mazkur ko‘rgazma mamlakatimiz san’at hayotida muhim voqea bo‘lib, unda rangtasvir, grafika va haykaltaroshlik san’ati asarlari keng o‘rin oldi. Ijodkorlar o‘zlarining eng sara ishlari orqali go‘zal diyorimizning ko‘rkam ko‘chalari, tarixiy obidalar, keng vodiylar, o‘zbek ayollari timsollari va Vatanimizni tarannum etuvchi manzaralarni san’at tilida badiiy talqin etdilar.
Ko‘rgazmada yurtimizning mashhur rassomlari, mohir grafika ustalari va haykaltaroshlik san’ati namoyandalari bilan bir qatorda yosh ijodkorlar ham o‘z ishlari bilan ishtirok etib, tomoshabinlarga yangicha qarash va ijodiy izlanish ruhini taqdim etdilar. Ularning asarlarida istiqlol yillarida shakllangan yangi dunyoqarash, milliy qadriyatlarni qadrlash va zamonaviy badiiy izlanishlar uyg‘unlashganini ko‘rish mumkin.
Tomoshabinlar e’tiboriga taqdim etilgan 100 ga yaqin asar orqali san’at ixlosmandlari Vatanga bo‘lgan muhabbatni, milliy g‘ururni, istiqlol sharofati bilan faxrlanish tuyg‘ularini chuqur his qildilar. Bu jarayon nafaqat badiiy zavq bag‘ishladi, balki xalqimiz qalbida Mustaqillikning beqiyos qadrini, ozod va farovon hayotimizning bebaho ma’nosini yanada mustahkamlab berdi.
“Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” ko‘rgazmasi san’at tilida Mustaqillikni ulug‘laydigan, xalqimizning ijodiy salohiyati va badiiy tafakkurini namoyon etadigan, istiqlol yillarida erishilgan yutuqlarimizni faxr bilan tarannum etadigan yuksak madaniy-ma’naviy voqeaga aylandi.
Ko‘rgazma joriy yilning 5-sentabrgacha davom etadi.